Zoyir Mirzayev bolalar zaharlanishi boʻyicha masʼullar ishdan olinishi lozimligini aytdi
25 sentabr kuni Piskent va Boʻka tumanlaridagi bogʻcha bolalari zaharlanish sabab shifoxonaga yotqizilgandi. Jami 2 mingga yaqin bola zaharlandi.

Zoyir Mirzayev bolalar zaharlanishi boʻyicha barcha masʼullar ishdan olinishi kerakligini aytdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatning bir necha tumanidagi davlat bogʻchalarida ikki mingga yaqin bola ommaviy zaharlanganiga munosabat bildirdi. Hokim buning uchun Sanepidqoʻmitaning viloyat boshqarmasi boshligʻidan tortib, oʻsha tuman boʻlimi boshliqlarini ham baravariga ishdan olish kerakligini aytdi.
Eslatib oʻtish kerak, 25 sentabr kuni ertalab Piskent va Boʻka tumanlaridagi bogʻcha bolalari zaharlanish bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ular sifatsiz kefirdan zaharlangan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi 25 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyaning oldini olish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.
Ish yuzasidan yetti kishi qoʻlga olingandi. Bogʻchalar esa 2 oktabrdan qayta faoliyat boshladi.