"Nega Ulugʻbek va Koʻkaldosh universitetlarini ochib, gʻururlanmaymiz?!"
Bahodir Gʻaniyev Milliy universitetni eng “tarixiy” deb alqayotganlarni koʻrib, bir kulib, bir xoʻrsinganini bildirdi.

Osiyo taraqqiyot banki loyiha rahbari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyiha konsultanti, Algoritm School taʼsischisi va direktori Bahodir Gʻaniyev bir necha asrlik madrasalarni universitetlarga aylantirish taklifini bildirdi.
"Koʻpdan beri bir masalani oʻylab yuraman. Yaqinda Oʻzbekiston milliy universitetini bizdagi eng "tarixiy" universitet sifatida 100 yilligi nishonlanganida bir kuldim, bir xoʻrsindim… Dunyoning eng nufuzli universitetlari koʻp asrlik tarixi bilan gʻururlanadilar. Oksford 1000 yillik, Kembrij 800 yillik, Yel va Harvard 300 yillik tarixga ega deb aytadilar", deb yozgan Gʻaniyev.
Uning fikricha, ularning barchasi diniy talim muassasalari sifatida faoliyat boshlagan va 19 asrga qadar faqat diniy soha mutaxassislarini tayyorlagan. 1800 yillardan asta-sekin avval matematika, soʻng boshqa fanlar kiritilib, 20-asrga kelib hozirgi koʻrinishdagi universitetlarga aylangan.
"Bizda ham taʼlim muassasalari bundan kam boʻlmagan tarixga ega. Ulugʻbek madrasasi 15-asr boshida, Koʻkaldosh va bir qator boshqa madrasalar 16-asr boshida faoliyat boshlagan. Ulugʻbek madrasasida hatto boshidan matematika va astronomiyadan ham taʼlim berilgan! Ulugʻbek rasadxonasida astronom olimlar izlanishlar oʻtkazgan, Okford va Kembrijda faqat diniy talim, lotin tili va falsafadan oʻqitilgan bir vaqtda. U universitetlardagi eng qadimiy binolar – cherkov va bitta kichikkina talim korpusidir, asosiy binolar 19-20-asrlarda qurilgan", deb yozgan Bahodir Gʻaniyev.
Mutaxassis oʻrtaga savol tashlagan: "Endi savol – taʼlimdagi tarixiy oʻrnimizni nimaga tiklamaymiz? Masalan, Ulugʻbek va Koʻkaldosh universitetlarini ochib, madrasa binolaridan diniy taʼlim uchun islom dini fakulteti faoliyati doirasida foydalanib, atrofiga boshqa fakultetlar uchun binolar qurib, bular 600-700 yillik tarixga ega taʼlim muassasalarimiz deb gʻururlanmaymiz?"
Uning taʼkidlashicha, koʻpchilik hamon mustamlakachilik taʼsiridan toʻliq chiqib ketolmagan.
"Ammo biz sovetlar mahalliy tizimni inkor qilib, oʻzi ochib bergan universitetlarning 100 yilligini nishonlaymiz… Shunchaki savollar. Kolonial fikrlashdan toʻliq qutulmaganmiz chogʻi…".
Eslatib oʻtish kerak, Platina Podcast’ning navbatdagi sonida Bahodir Gʻaniyev bilan davlat va xususiy maktablarga qabul, u yerlardagi muhit va sharoitlar farqi haqida suhbatlashganmiz.