Qashqadaryoda sanoat zonalari uchun deyarli 12 mlrd soʻm ajratiladi
Pullar elektr va suv tarmogʻi, yoʻllar qurilishiga sarflanishi koʻzda tutilgan.

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi mablagʻ ajratish boʻyicha qaror chiqardi. Qaror sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirishni koʻzda tutadi.
Hujjat 2025 yil 25 sentabr kuni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, "Tadbirkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi" hisobidan 11 mlrd 991 mln soʻm ajratiladi.
Jumladan, Kitob tumanidagi Makrid sanoat zonasiga elektr energiya tarmogʻini qurish maqsadida 1,3 mlrd soʻm, ichimlik suvi tarmogʻi barpo etishga 598 mln soʻm, Qarshi tumanidagi Yangibogʻ MFYdagi sanoat zonasiga 1 mlrd 659 mln soʻm, ichimlik suvi tarmogʻi uchun 730 mln soʻm, Bodomzor MFYdagi sanoat zonasiga esa 1 mlrd 628 mln soʻm ajratiladi.

Gʻuzor tumani, Amir Temur MFYda yoʻl qurilishiga 1 mlrd 670 mln soʻm, Mirishkor tumani, Jeynov MFYdagi yoshlar markazida avtomobil yoʻli uchun 1 mlrd 70 mln soʻm ajratiladi.
Avval Samarqandda ikki qaror bilan byudjetdan 100 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ajratilishi xxabar berilgandi.
Qarorlarning birida Mustaqillikning 34 yilligini tantanali nishonlash, Samarqand shahri koʻchalarini bezatish, mehmonlarni kutib olish va boshqa xarajatlarga 10 mlrd soʻm berilishi yozilgan.