Hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xoʻjaligi masʼuli qoʻlga olindi
Sariosiyo tumanida hokim yordamchisi mansabdor tanishlari orqali hokimlik zaxirasidagi yerni ijaraga olib berish evaziga pul talab qilgan.

Hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xoʻjaligi masʼuliga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda 1996 y.t. fuqaroning ishonchiga kirgan. U mansabdor tanishlari orqali tuman hokimligi zaxirasidagi 2,5 gektar sugʻoriladigan yer maydonini 30 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga 29 mln soʻm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar idoralari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u ushbu pul mablagʻini “Oʻzdaverloyiha” ilmiy loyihalash institutining “Survilerloyiha” boʻlinmasi muhandisi hamda Sariosiyo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi shoʻʼba boshligʻiga berishi kerakligi maʼlum boʻldi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, muhandis va shoʻʼba boshligʻi ushbu pul mablagʻini olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, DXX avval inson organlari savdosi bilan shugʻullangan yirik jinoiy guruhni aniqlagandi.
Jinoiy guruhning ikki yillik faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar toʻqimalari koʻchirib oʻtkazilgan.