platina.uz
Jamiyat

DXX tomonidan bojxona va soliq inspektorlari ushlandi

“Navoiy” chegara bojxona posti inspektori 7 kg oltinni hujjatsiz oʻtkazib berish evaziga 5 ming dollar olgan. 

DXX tomonidan bojxona va soliq inspektorlari ushlandi

Bojxona va Soliq qoʻmitalari xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida DXX xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Unda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori xizmat mavqeidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979 y.t. fuqaroning 7 kg oltin qimmatbaho metallarini Qozogʻiston Respublikasidan chegara bojxona posti orqali deklaratsiyada koʻrsatmasdan va bojxona nazoratidan yashirgan holda oʻtkazib berish evaziga Chirchiq shahrida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shoʻʼba bosh inspektori xizmat mavqeidan foydalangan holda, oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJ faoliyatini oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2500 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda bosh inspektorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Boshqa holatda esa Mirobod tumani soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shoʻʼbasi inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, oʻziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo doʻkonida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari toʻgʻrisida oldindan xabar berib turish evaziga 10 mln soʻm pul mablagʻini oʻzining bank plastik kartasiga oʻtkazdirib olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Endilikda ushbu inspektor ham qonun oldida javob beradi.

Avval Termizda sudya yordamchisi qoʻlga olingandi.

U maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan yengillik yaratib berish evaziga pul talab qilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid