platina.uz
Jamiyat

Norin daryosidan oʻtuvchi yangi koʻprikka 63 mlrd soʻm sarflanadi

Koʻprik sabab Uychi orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari markaziga, Norindan Baliqchiga borish osonlashadi. Namangan va Andijon viloyatlarini bogʻlovchi koʻprik esa rekonstruksiya qilinadi. 

Norin daryosidan oʻtuvchi yangi koʻprikka 63 mlrd soʻm sarflanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Prezident Namanganda yoʻl, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish ham eng dolzarb masalalardan ekanini taʼkidladi.

Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bogʻlovchi asosiy yoʻldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi.

Shu bois, 63 milliard soʻm hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi koʻprik qurilmoqda. Uychi orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari markaziga yetib borish 20-25 kilometrga, Norindan Baliqchiga 35-40 kilometrga qisqaradi.

Viloyat aholisi talabini inobatga olib, Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bogʻlovchi 180 metrli eski koʻprikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yoʻlga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqaradi, tirbandlik keskin kamayadi.

Mutasaddilarga Namangan xalqi uzoq yillardan buyon kutayotgan mana shu 2 ta koʻprikni kelgusi yilda ishga tushirish, 694 kilometr yoʻl va mahallalardagi 7 ta kichik koʻprikni taʼmirlashni esa joriy yilda yakunlash topshirildi.

Viloyat markazini poytaxt bilan bogʻlaydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yoʻlining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yoʻl 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi, 34 ta koʻprik, 22 ta piyodalar oʻtish joylari barpo etiladi.

Oldinroq Prezident Namanganda qurilayotgan aeroport va boshqa manzillarga borgandi.

3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chustdagi gaz-beton bloki ishlab chiqarish majmuasi ham koʻzdan kechirilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid