Buxoroda hokim yordamchisi 6 ming dollar bilan ushlandi
U hokimiyat zaxirasidagi yer maydonini axborot tizimi orqali onlayn auksion savdolarida sotib olib berish evaziga pul talab qilgan.

Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan ushlandi.
Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi tadbirkor mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisining noqonuniy xatti-harakatlari haqida joriy yilning 10 sentabr kuni ariza bilan murojaat qiladi.
Unga koʻra, hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, pora olgan. U hokimiyat zaxirasidagi 7 sotix yer maydonini “K-savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirib, onlayn auksion savdolari orqali sotib olib berish evaziga fuqarodan 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi tamagirlik yoʻli bilan 6000 AQSh dollari miqdoridagi “pora”ni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX avvalroq prokuror, sudya katta yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar bergandi.