Maktab maslahatchisi nima vazifalarni bajarishi maʼlum qilindi
Ular oʻquvchilarning oʻzlashtirishi va kasbiy qiziqishi boʻyicha saralab, texnikumga yoʻnaltiradi. OTMlarga kira olmaganlar ham texnikumlardagi kurslarda oʻqitiladi.

Oʻtgan hafta imzolangan Prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda.
Ular 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishi va kasbiy qiziqishi boʻyicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yoʻnaltiradi.
Shu bilan birga, 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati bor. Endilikda 10-sinfga oʻtib, maktabda oʻqish fikridan qaytgan yoshlar ham taʼlimni texnikumda davom ettirishi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga oʻqitiladi.
“Yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Har bir bolani kasb-hunar orqali daromadli qilsak, barcha oilalarning roʻzgʻori but boʻladi, mahallalarda tinchlik hukm suradi”, – dedi Prezident.
Davlat rahbari texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish boʻyicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning oʻqituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
Shu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama toʻlanadi.
Shu bilan birga, texnikum direktori va oʻrinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam boʻlmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qoʻshimcha 20 foiz ustama toʻlanadi.
Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.
Har yili 500 nafar muallim ilgʻor xorijiy taʼlim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.
Avvalroq bogʻcha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi maʼlum qilingandi.
Bu orqali yiliga 10 ming tarbiyachi oliy maʼlumotli qilinadi.