platina.uz
Jamiyat

8 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik aniqlandi

Romitan tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi 4,6 mlrd soʻmlik tenderda baholash mezonlari buzilgan. Tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish ochildi. 

8 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik aniqlandi

Raqobat qoʻmitasi tomonidan umumiy 8,1 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan tegishli choralar koʻrildi.

Jumladan:

Andijon viloyati misolida

Qoʻmitaning topshiriq xatiga asosan Paxtaobod tumani 25-bolalar musiqa va sanʼat maktabi tomonidan oʻtkazilgan boshlangʻich narxi 30 mln soʻmdan ortiq “Quyosh panel oʻrnatish ishlari” boʻyicha tanlov savdosi oʻrganildi.

Oʻrganish natijasida “Davlat xaridlari” va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari buzilgani, xususan, savdolarda manfaatdor yoki affillangan shaxslarning ishtiroki aniqlanib, belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi hamda moliyaviy va maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

Buxoro viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan Romitan tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida oʻtkazilgan tender savdosi “Raqobat toʻgʻrisida” va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish davomida 4,6 mlrd soʻmlik 20 ta lot boʻyicha baholash mezonlariga muvofiq boʻlmagan holda qaror qabul qilingani, ishtirokchilarga nomuvofiq baho berilgani aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qaroriga muvofiq Romitan tuman tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, tegishli koʻrsatma berildi.

Jizzax viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan davlat xaridlarida raqobat talablariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirilmoqda.

Monitoring davomida Jizzax viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 1,09 mlrd soʻmlik master-reja ishlab chiqish tanlov savdosida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi va qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etilmagani qayd etildi.

Natijada belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi va masʼullarga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Namangan viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi murojaat asosida Namangan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tomonidan 350 mln soʻmlik banner mahsulotlari xaridi boʻyicha oʻtkazilgan tanlov savdosi oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish davomida tanlovda ishtirok etgan “ART AGENCY CENTER” MChJ va “PIXEL BRANDWAVE” MChJ afillanganlik alomatlari — yaʼni huquqiy va faktik manzillarining bir xilligi — aniqlandi. Bu holat “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasi 13-xatboshi talablariga zid hisoblanadi.

Natijada tanlovda qonunbuzilish holatlari qayd etildi va buyurtmachi tomonidan tanlov bekor qilindi. Qonun buzilishining oldi olindi.

Navoiy viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Navoiy viloyati filialida oʻtkazilgan 950 mln soʻmlik “V” klassdagi reanimobil xaridi boʻyicha tanlov savdosi qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan oʻrganildi.

Oʻrganish davomida tanlov hujjatlari va bayonnomalarda mezonlar oʻrtasida nomuvofiqlik mavjudligi, ishtirokchilar toʻliq baholanmagani va ayrim talablar raqobatni cheklovchi xususiyatga ega ekani aniqlandi.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi buzilganligi alomatlari asosida belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, filialga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi hamda masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.

Qashqadaryo viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan oʻrganish natijasida Gʻuzor tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 1,1 mlrd soʻmlik “Avtogreder” texnikasi xaridi boʻyicha tanlovda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, baholash meʼyorlari belgilanmagan va hujjatlar asossiz ravishda past baholangan.

Natijada, qonunbuzarliklar uchun ish qoʻzgʻatilib, masʼul shaxsga maʼmuriy jazo qoʻllanildi.

Avgust oyi oxirida "Uzbekistan airports" buyurtmachiligida jami 6,8 mlrd soʻmlik qonunga zid xaridlar aniqlangandi.

Ushbu mablagʻ bodi-kameralarni yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish xizmatini koʻrsatishga sarflanishi kerak boʻlgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid