platina.uz
Jamiyat

Qobuljon Ahmedov PA huzuridagi kontent markazga rahbar boʻldi

Markazning asosiy vazifasi davlatning axborot siyosatini belgilaydi va unga javobgar boʻladi.

Qobuljon Ahmedov PA huzuridagi kontent markazga rahbar boʻldi

Oʻzbek media menejeri Qobuljon Ahmedov Prezident administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markaziga direktor etib tayinlandi.

Husan Salixov va Jahongir Abdurahmonov markaz direktori oʻrinbosarlari lavozimiga tayinlandi.

Qobuljon Ahmedov 2022 yildan buyon “Mening yurtim” telekanali bosh direktori sifatida faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, “Yoshlar” ijodiy birlashmasi direktori etib ham tayinlangan. Ushbu birlashmaga “Yoshlar” telekanali va radiosi hamda “Navo” telekanallari qaraydi.

U 1984 yil 13 mayda Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida tavallud topgan. 2004 yilda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Faoliyatini Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasida amaliyotdan boshlagan. Keyinroq "OʻzEOAVMA Axborotnomasi" jurnali bosh muharrir sifatida ishlagan.

2005-2006 yillarda Oʻzbekiston nodavlat telekompaniyalar teletarmogʻi (OʻzNTT) muharriri sifatida respublikada birinchi marta tashkil etilgan teletarmoqning ijodiy konsepsiyasini tuzish, dasturlar jadvalidan oʻrin oladigan mahsulotlarning amaldagi qonunchilik meʼyorlari talabiga hamda oʻzbek xalqining azaliy qadriyatlari, urf-odatlari, milliy mentalitetiga mos ekanini taʼminlashga erishgan.

2006-2008 yillarda Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori oʻrinbosari, keyinchalik direktor vazifasini bajaruvchi boʻlib ishlagan.

2008 yilda Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining ijrochi direktori etib saylangan. Uning rahbarligida assotsiatsiya barcha yirik loyiha va tadbirlarini tashkil etish, davlat siyosati nodavlat teleradiouzatuvchilar tomonidan keng targʻib qilinishi, davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda, hukumat, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni taʼminlashda katta hissa qoʻshgani aytiladi.

2010 yilda Oʻzbekiston nodavlat telekompaniyalari teletarmogʻi (OʻzNTT) bosh muharriri sifatida nodavlat teleradiouzatuvchilar sohasida amalga oshirilgan loyihalar, grant tanlovlari, seminar-treninglar natijasini efirda yoritib, u orqali barcha hududiy telestansiyalar efiri sifatli kontent bilan taʼminlagan.

2010-2014 yillarda "Darakchi" gazetasida masʼul kotib, keyinchalik direktor lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2014-2016 yillarda "Dono nashriyoti"dagi faoliyatida bolalar uchun moʻljallangan "Dono Word", "Bilimdon", "Znayka", Excellent jurnallarini tayyorlash va chop etish bilan shugʻullangan.

2016-2017 yillarda Dono Productions MChJga rahbarligida afsonaviy oʻzbek rejissyori, Oʻzbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosovning "Mahallada duv-duv gap" filmining zamonaviy talqinini suratga olgan. Uning tashabbusi bilan Oʻzbekistonning turizm salohiyatini koʻrsatish, milliy urf-odat, qadriyatlar, milliy taomlarimizni oʻzida aks ettirgan "Maftun boʻldim" (Maftun boʻldim senga, Oʻzbekiston!) badiiy filmi suratga olingan.

2017 yilda Xabar.uz axborot-tahliliy portali loyihasiga rahbarlik qilgan.

2018-2020 yillarda "Mening yurtim" – MY5 telekanali bosh direktori sifatida ishlagan. 2019 yil kanalning "Markaziy studiya" dasturi "Oltin qalam" xalqaro tanlovining televideniye yoʻnalishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.

2018 yil 20 sentabrdan Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari – bosh direktori vazifasini bajaruvchi sifatida ham ishlagan.

2019-2020 yillarda OʻzMTRK "Yoshlar" teleradiokanali AJ ijrochi direktori boʻlgan.

2020-2021 yillarda Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati Davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi sifatida ishlagan.

2022 yildan hozirgi kunga qadar "Mening yurtim" telekanali bosh direktori boʻlib faoliyat yuritmoqda.

Qobuljon Ahmedovning bevosita tashabbusi, masʼulligi va rahbarligida "Ozod yurt toʻlqinlari" anʼanaviy media festivali, Ijtimoiy media-mahsulotlar festivali, Maslahat markazi, Yoshlar studiyasi loyihalari, "Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?!" oʻquvchilar insholar tanlovi, "Maftun boʻldim" (rejissyor Abduvohid Gʻaniyev) va "Yana mahallada duv-duv gap" (rejissyor Shuhrat Abbosov) badiiy filmlari, "Yulduzcha" va "Men yulduzman" musiqiy televizion tanlovlari, "Majnuntol" mualliflik qoʻshiqlari va gitara festivali, "Yosh jurnalistlar maktabi", yoshlarga oid davlat siyosatini targʻib qiluvchi Ijtimoiy roliklar tanlovi, Mini grantlar tanlovi, "Jurnalist" koʻp qismli televizion seriali muvaffaqiyatli amalga oshirilib kelinmoqda.

Qobuljon Ahmedovning tashabbusi bilan xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imidjini mustahkamlash, Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatining oʻzbek yoshlariga munosabatini koʻrsatish maqsadida xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan holda, turkum materiallar chop etilmoqda. Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi arafasida Novastan.org saytida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Regnum axborot agentligida maqolalar eʼlon qilingan.

Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi tarkibida Turkiyaga boʻlgan xizmat safari chogʻida TRT WORLD telekanali, Berlin safari davomida Germaniya, Hindiston, Eron kabi qator davlatlar ijodkorlari bilan aloqalar oʻrnatilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid