Qirgʻizistondagi bankka islomiy moliya tamoyillari asosida ishlashga ruxsat berildi
Mamlakatda islomiy moliya xizmatlari yil boshidan buyon 50,2 foizga oʻsgan.

Qirgʻiziston Milliy banki “Optima Bank”ga islomiy moliya tamoyillari asosida bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziya berdi.
Bu haqda OAV mamlakat Milliy bankiga asoslanib xabar bermoqda.
Operatsiyalar milliy va xorijiy valyutalarda islomiy moliya orqali amalga oshiriladi va bu bank mijozlarga shariatga mos moliyaviy mahsulotlarni taklif qilish imkonini beradi.
2025 yil 30 iyun holatiga koʻra, Qirgʻizistonda 21 ta tijorat banki va 304 ta filial faoliyat koʻrsatmoqda.
Ushbu banklarning beshtasi islom bank ishi va moliyalashtirish tamoyillariga muvofiq xizmatlar koʻrsatgan. Islom tamoyillari boʻyicha moliyalashtirish qiymati yil boshidan buyon 50,2 foizga oshib, 2024 yil oxiridagi 9 milliard somdan (103 million dollar) 13,6 milliard somga (155 million dollar) yetdi.
Avvalroq Oʻzbekiston Markaziy banki "Yevroosiyo banki" tugatilishini bildirgandi.
Bank tomonidan ustav kapitali miqdori boʻyicha belgilangan eng kam talab va boshqa shartlar bajarilmagan.