Xorazmda "Toza hudud" mansabdorlari aholi toʻlagan pullarni talon-toroj qildi
Ular 260 nafar kishidan undirilgan mablagʻni maxsus billing dasturga kiritmagan. Ushbu qilmish dastlabki tergovdayoq fosh boʻlgan.

Xorazmda “Toza hudud” DUK filiali rahbari va hisobchisi aholi toʻlagan mablagʻlarni talon-toroj qilgani aniqlandi.
2025 yil 20 avgust kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻot tuman sudi, “Toza hudud” DUK Bogʻot tuman filiali binosida, sayyor sud majlisida ushbu ish koʻrib chiqildi.
Gap nima haqida?
Sudlanuvchi, Q.J. 2023 yil 20 noyabr kunidan 2025 yil 12 may kuniga qadar boʻlgan davrda Xorazm viloyati “Toza hudud” DUK Bogʻot tuman filiali rahbari vazifasida ishlab kelgan. U hisobchi lavozimida ishlagan M.Q. bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlgan.
Ular 2024 yil 1 apreldan 2025 yil 31 yanvargacha boʻlgan davrda tumandagi 260 nafar fuqarolar tomonidan filiali tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlangan toʻlovlarni naqd pul shaklida qabul qilishib, shundan 15 nafar fuqarolarning 2.976.000 soʻm toʻlovlarini filialning “Toza makon” billing dasturiga kiritib, qolgan 245 nafar fuqarolarning 52.442.000 soʻm toʻlovlarini ushbu dasturga kiritishmasdan, filialning ancha miqdordagi mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilishgan.
Sud majlisida soʻroq qilingan Q.J. va M.Q.lar sudda aybiga toʻliq iqror ekanligini bildirishdi.
Hisobchi M.Q. noreal qarzdorlik toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni oʻzi tuzib, filial rahbarining xabardorligi asosida uning nomidagi profil orqali bazaga kiritganini, dastlabki tergov davrida tekshirishda aniqlangan, yaʼni filialga yetkazigan zarar deb qaralgan 52.442.000 soʻm kamomadni prokuratura organlarining bankdagi depozit hisob raqamiga toʻlanib, aniqlangan ushbu kamomad bartaraf qilinganini bildirdi.
Yakuniy hukmga koʻra, J.Q.ga bir yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdor va moddiy javobgar shaxs sifatida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 15 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolib, 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Uning sherigi boʻlgan M.Q.ga ham xuddi shunday jazo qoʻllanildi.
Yetkazilgan zarar toʻliq qoplangan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.
Bir oy avval Oliy sud “Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari qamoqdan ozod etilgani haqida xabar bergandi.
Unga yuqori instansiya sudi ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Oʻshanda 16 kishiga belgilangan jazo oʻzgartirildi.