Isroil gʻazoliklarni beshta davlatga joylashtirmoqchi
Ularning aksariyati Afrikada joylashgan. Gʻazoda hozir 2 mln kishidan oshiq aholi mavjud.

Isroil Gʻazo aholisini beshta davlatga koʻchirmoqchi.
Isroil Efiopiya, Liviya, Indoneziya va Janubiy Sudan bilan Gʻazo sektorini tark etishi mumkin boʻlgan falastinliklarni qabul qilish imkoniyati boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda isroillik yuqori martabali amaldorga asoslangan holda CNN xabar berdi.
Telekanal maʼlumotlariga koʻra, bu davlatlar Gʻazoning 2 milliondan ortiq aholisining bir qismini qabul qilish evaziga “katta moliyaviy va xalqaro tovon” olishni kutmoqda.
Somaliland (Afrika shimoliy qismidagi tan olinmagan davlat) bilan ham maslahatlashuvlar haqida xabar berilgan.
Shu bilan birga, Janubiy Sudan va Somaliland rasmiylari bunday muzokaralar haqidagi maʼlumotni rad etishdi. Oʻz navbatida Indoneziya avvalroq 2000 nafar falastinlikni sogʻayib ketganidan soʻng Gʻazoga qaytishi sharti bilan davolanishga qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu muzokaralar faktini tasdiqladi, biroq aniq davlatlar nomini aytmadi. Uning soʻzlariga koʻra, bu reja “surib chiqarish” emas, faqat “gʻazoliklarga ketishga imkon beradi”.
Gʻazo urushi va Isroil
Soʻnggi vaqtlarda Isroilning Gʻazo sektorini bosib olishi haqida xabarlar koʻp yangramoqda. Bir hafta avval Vazirlar Mahkamasi okkupatsiya boʻyicha rejani maʼqulladi.
Urush oqibatida Fransiya, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya Falastinni tan olishga tayyorlanmoqda.