platina.uz
Jahon

Ukraina Tramp-Putin sammiti oldidan talablarini eʼlon qildi

Ular orasida shartlarsiz oʻt ochishni toʻxtatish, yirik miqdorda kompensatsiya va boshqalar bor. 

Ukraina Tramp-Putin sammiti oldidan talablarini eʼlon qildi

Ukraina AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvi oldidan beshta talab qoʻydi. Bu haqda Politico nashri yozmoqda.

Gap nima haqida?

Ukrainaning Rossiya bilan mojaroni hal qilishda beshta asosiy talabi bor, deb yozadi nashr. Ular prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putinning 15 avgust kuni tinchlik jarayonini muhokama qilinishi kutilayotgan Alyaskadagi uchrashuvi arafasida eʼlon qilindi.

Birinchi shart har qanday hududiy imtiyozlar oldidan barqaror oʻt ochishni toʻxtatish sanaladi. Trampning taʼkidlashicha, kelishuv “hududlar almashinuvi”ni oʻz ichiga olishi mumkin, ularning nomi oshkor etilmagan.

Wall Street Journal nashrining yozishicha, Rossiya Ukrainaga tan olinmagan DXRning oʻz nazorati ostida qolgan qismidan chiqib ketishni va hamma joyda front chizigʻini muzlatib qoʻyishni taklif qilgan. Bryussel va Kiyev, nashrga koʻra, oʻz qarshi taklifida yerlarni oʻzaro almashish zarurligini koʻrsatgan. Politico manbasiga koʻra, Ukraina Rossiya oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlganidan keyingina bu kabi masalalarni muhokama qilishga tayyor boʻladi.

WSJ taʼkidlashicha, Moskva avval qoʻshinlarni olib chiqishni talab qiladi, keyin esa oʻt ochishni toʻxtatishga vaʼda beradi.

Shuningdek, Ukraina Rossiyadan yetkazilgan zararni qoplashini istaydi. Politico maʼlumotlariga koʻra, u 500 milliard dollardan 1 trillion dollargacha baholanmoqda, Yevropada esa muzlatilgan Rossiya aktivlarida kamida 200 milliard dollar bor. Ularning taqdiri noaniq boʻlsa-da, Gʻarb ularni musodara qilishga qaror qilgani yoʻq. Rossiya oʻz mol-mulki bilan qilingan har qanday harakat oʻgʻirlik deb hisoblanishini taʼkidladi.

Shuningdek, Kiyev xavfsizlik kafolatlarini oladi. Agar avvalroq Ukraina NATOGA aʼzo boʻlishni talab qilgan boʻlsa, endi Tramp bunday ssenariyni rad etganidan soʻng, Kiyev buning evaziga nimadir olmoqchi. Zelenskiyning qayd etishicha, uning mamlakati bunday kafolatlarni olmaguncha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar oʻz kuchida qolishi kerak.

Yana bir talab sanksiyalarni saqlab qolish bilan bogʻliq, biroq Tramp ularni bekor qilishi mumkinligidan xavotirlar bor. Rossiya noqonuniy deb hisoblagan cheklovlarni bekor qilishni talab qilmoqda.

Harbiy asirlar va bolalarning qaytishi. Moskva va Kiyev Istanbuldagi soʻnggi toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarda natijaga erisha olgan yagona masala mahbuslarni almashishdir. Bu yozda ham mahbuslar, ham halok boʻlgan askarlarning jasadlari almashinuvi faollashdi.

Tarixiy uchrashuv

15 avgustda Putin va Tramp Alyaskadagi harbiy bazada uchrashadi. Tramp 13 avgust Yevropa davlatlari rahbarlari bilan videomuloqot oʻtkazdi. U sammitda Ukraina boʻyicha qaror bermasligini aytgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid