Oʻzbekistonga olib kelingan falastinliklar bolalari davlat bogʻcha va maktablariga joylashtiriladi
Ular navbatga qoʻyilmagan holda, maxsus talabnoma bilan joylashtiriladi. Mehmonlarga zarur nafaqa toʻlovlari toʻlanadi, uy-joy ijara xarajatlari qoplab beriladi.

Oʻzbekistonda Gʻazo sektoridan olib kelingan falastinlik mehmonlarga nafaqa tayinlanadi, ularning maktab yoshidagi farzandlari bepul oʻqitiladi.
“Oʻzbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat gʻamxoʻrligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida koʻmak berish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra:
-Oʻzbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (keyingi oʻrinlarda – mehmonlarga) zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi;
-har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi;
-mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili boʻyicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi;
-mehmonlarga farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi;
-mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami) xaridi uchun bir martalik koʻtarma pul qoʻshimcha ravishda toʻlab beriladi;
-mehmonlarning oila aʼzolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual koʻmak koʻrsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini roʻyobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.
Oʻzbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolar (keyingi oʻrinlarda – mehmonlar) yashash manzillari boʻyicha ularning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi;
- mehmonlar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovidan 2028 yil 1 yanvariga qadar ozod etiladi;
- mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi;
-Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi "2025 yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ–12-son qarori doirasida mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha taʼlimga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy taʼlim tashkilotlariga tayyorlash yoʻnalishida) jalb qilish hamda ularni oʻqitish xarajatlarining 100 foizi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Oʻzbekiston va Falastin
Gʻazo sektorida urush boshlangach, Oʻzbekiston tomonlarni diplomatik va tinch bilan mojaroni hal etishga chaqirib keladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston mustaqil Falastin davlatini tuzish tarafdori sanaladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qator xalqaro tadbirlarda Falastin muammosini koʻtardi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil oxirida 100 nafar falastinlik Gʻazo sektoridagi Rafah shahridan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingandi. Bu shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan.