platina.uz
Jahon

Makron Isroilning Gʻazoni egallash rejasini "falokatli" deb atadi

Jahon hamjamiyatida Isroilning harakatlari sabab noroziliklar kuchaymoqda. KXDR ham Gʻazodagi qirgʻinni keskin qoralab chiqdi.  

Makron Isroilning Gʻazoni egallash rejasini "falokatli" deb atadi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroilning Gʻazoni egallash rejasini "falokat" deb atadi.

Shimoliy Koreya esa yahudiy davlatiga qarshi keskin bayonot bilan chiqdi.

Gap nima haqda?

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning militaristik intilishlaridan afsusda ekanligini va “BMT mandati ostida barqarorlashtirish missiyasi”ga ustuvor ahamiyat berishini aytdi.

Le Figaro nashrining yozishicha, Makron Isroilning Gʻazo shahrini qoʻlga kiritish rejasini eʼlon qilganidan soʻng “bashorat qilingan falokat” haqida gapirdi va Isroilning “doimiy urush istagi”ni qoralab, Gʻazo sektori xavfsizligini taʼminlash boʻyicha BMT missiyasi haqidagi taklifini takrorladi.

Nashrning qayd etishicha, Fransiya prezidenti Netanyaxuning Gʻazo shahri ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olish va XAMASning soʻnggi qalʼalariga hujum qilish rejalariga birinchi marta javob qaytarmoqda.

Makronga koʻra, u taklif qilayotgan yechim Gʻazodagi XAMASga qarshi “urushni tugatishning eng yaxshi yoʻli”dir.

Makron “Terrorizmga qarshi kurash, Gʻazo sektoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, aholini qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik va barqarorlik uchun boshqaruv tizimini oʻrnatish” ustuvor vazifa boʻladigan “BMT mandati ostidagi xalqaro koalitsiya”ni yaratishni taklif qildi.

Nashr eslatishicha, bunday missiya gʻoyasi 30 iyul kuni BMT konferensiyasida ilgari surilgan, uning yakuniga koʻra 17 davlat, jumladan Qatar va Misr deklaratsiyani qabul qilgan edi. Ushbu missiya, xususan, tinch aholini himoya qilish, "xavfsizlik uchun masʼuliyatni Falastin milliy maʼmuriyatiga topshirishni qoʻllab-quvvatlash" va "Falastin va Isroilga xavfsizlik kafolatlarini, jumladan, kelajakdagi oʻt ochishni toʻxtatishni kuzatish" ga qaratilgan boʻlishi qaror qilindi.

"Endi Xavfsizlik Kengashi ushbu missiyani yaratish va unga mandat berish ustida ishlashi kerak. Men oʻz vakillarimga bu borada hamkorlarimiz bilan zudlik bilan ish olib borishni topshirdim", deb xulosa qildi Fransiya prezidenti.

Shuningdek, Koreya markaziy axborot agentligi KXDR Tashqi ishlar vazirligining Isroil rasmiylariga Gʻazo shahri ustidan nazorat oʻrnatish rejalaridan voz kechishni va sektordan chiqib ketishni talab qilgan murojaatini eʼlon qildi.

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, bu rejalar xalqaro huquq normalarini buzadi va Isroil rahbariyatining “bandit xarakterini yaqqol koʻrsatib beradi”.

Gʻazo va Isroil rejasi

Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil butun Gʻazo sektorini harbiy nazoratga olishini aytgandi. Reja falastinliklarni Gʻazo shahridan olib chiqish va quruqlikdan hujum boshlashni oʻz ichiga oladi.

“Xalqaro hamjamiyatning Gʻazo sektoridagi qariyb ikki yillik qirgʻinni toʻxtatish haqidagi yakdil chaqirigʻiga eʼtibor bermagan Isroil rasmiylari vayron boʻlgan Gʻazo shahrini kuch bilan egallashga qaror qildi”, — deydi Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid