Xorazmda "Soliq servis" korxonasi bosh mutaxassisi ushlandi
U hech qayerda ishlamaydigan shaxslarga pul evaziga maʼlumotnoma vaʼda qilgan.

Xorazmda “mehnat staji qilib beruvchi” mutaxassis ushlandi.
U ikki nafar fuqarodan 12,5 mln soʻm olayotgan boʻlgan.
Gap nima haqida?
Gurlan tumanidagi “Soliq servis” davlat unitar korxonasi bosh mutaxassisi oʻz mavqeidan foydalangan holda pul ishlashga uringan. U soliq idoralaridagi tanishlari orqali 2 nafar mahalliy fuqaroga ular muqaddam hech qayerda ishlamagan boʻlsalar-da, 2025 yil yanvar oyidan iyun oyiga qadar boʻlgan davrda ularga ish haqi hisoblab, bu haqida maʼlumotnoma rasmiylashtirib berishini aytadi.
DXXning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan IJQK Departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mutaxassis oʻz xizmati evaziga 12 mln 500 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakati olib borilmoqda.
DXX va korrupsiya
Eslatib oʻtamiz, avvalroq goʻyoki Samarqand va Jizzax viloyatlari hududlarida amalga oshirilgan geologik-qidiruv ishlari natijasida yaratilgan oltin maʼdanlari joylashgan maxfiy geologik xarita va fotosuratlarni pullamoqchi boʻlgan direktor ushlangandi. Qashqadaryoda esa gaz operatori pora bilan qoʻlga tushgandi.