Gʻazoda Isroil hujumi sabab besh jurnalist halok boʻldi
Yahudiy davlati ulardan birini HAMASga xizmat qilishda ayblagan.

Isroil hujumi natijasida Gʻazoda besh nafar "Al-Jazira" telekanali xodimi halok boʻldi, yahudiy armiyasi ulardan bir nafari terrorchi ekanini iddao qildi.
"Al-Jazira" muxbiri Anas al-Sharif va uning toʻrt nafar hamkasbi Isroilning Gʻazo shahriga uyushtirgan zarbasi natijasida halok boʻldi, deb xabar berdi ushbu telekanal.
Telekompaniya maʼlumotlariga koʻra, uning besh nafar xodimi Gʻazo shahridagi Shifa kasalxonasiga kiraverishdagi chodirda boʻlgan.
Isroil mudofaa kuchlari zarba berilganini tasdiqladi va ular Anas ash-Sharifni nishonga olganini aytdi. Isroil harbiylariga koʻra, u oʻzini faqat jurnalist sifatida koʻrsatgan, biroq ayni paytda isroillik tinch aholi va askarlarga "raketa hujumlarini uyushtirish" uchun javobgardir.
Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, avvalroq al-Sharif qurolli guruhlarga tegishli ekani va “terrorchilik mashgʻulotlaridan” oʻtgani haqidagi razvedka maʼlumotlarini eʼlon qilgan.
“Zarbadan oldin uning tinch aholiga taʼsirini minimallashtirish, jumladan, aniq qurollardan foydalanish, havodan kuzatuv va qoʻshimcha razvedka maʼlumotlarini qoʻllash choralari koʻrilgan”, — deyiladi bayonotda.
"Al-Jazira" maʼlumotlariga koʻra, hujum oqibatida jami yetti kishi halok boʻlgan. Telekanal oʻz xodimlariga qilingan hujumni “matbuot erkinligiga qoʻpol va qasddan qilingan hujum” deb atadi.
Tarmoq bosh muharriri Muhammad Mouavadning BBCʼga aytishicha, al-Sharif akkreditatsiyadan oʻtgan jurnalist boʻlib, dunyoni Gʻazo sektorida boʻlayotgan voqealardan xabardor qilib turadi.
Isroil chet el jurnalistlarini anklavga kiritmaydi va shu sabab koʻplab global ommaviy axborot vositalari mahalliy muxbirlarni yollaydi.
28 yoshli ash-Sharif oʻlimidan oldin X tarmogʻida Isroilning Gʻazo shahrining sharqiy va janubidagi shiddatli bombardimonlari haqida yozib chiqqandi.
Gʻazodagi urush
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 7 oktabrdan boshlangan qonli urush oqibatida Gʻazoda 55 mingdan oshiq aholi halok boʻldi, ulardan 18 ming nafari bolalardir.
Ayni damda Isroil sektorni okkupatsiya qilishni koʻzlamoqda.
Soʻnggi vaqtlarda Gʻazodagi voqealar sabab Gʻarbda Falastinni tan olish boshlandi. Jumladan, Fransiya, Kanada va Buyuk Britaniya Falastinni tan olishi haqida gapirdi.