platina.uz
Jamiyat

DXX uch hududda IIB xodimlarini qoʻlga oldi

Buxoroda ichki ishlar boshqarmasi xodimi gumondorga yordam berish evaziga 13 ming dollar olgan.  

DXX uch hududda IIB xodimlarini qoʻlga oldi

DXX oʻtkazgan tadbirlarda uch nafar IIB xodimi qoʻlga olindi. Tadbirlar Buxoro, Toshkent shahri va viloyatida boʻlib oʻtdi.

Gap nima haqida?

Buxoro viloyatida ichki ishlar boshqarmasi xodimi ushlangan.

U oʻzining mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov boʻlimi ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan boʻlgan qismini harakatdan tugatishda yordam berishi evaziga 13 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda ichki ishlar va prokuratura organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda xodim 13 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi qoʻriqlash boshqarmasi Angren shahar boʻlimi safdor xodimi boʻlinma komandiri oʻrinbosari bilan oʻzaro til biriktirgan. Ular xizmat mavqeidan foydalangan holda mansabdor tanishlari orqali Oqqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaroni qoʻriqlash boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 1500 AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda prokuratura organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda safdor xodim oldindan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida IIV Migratsiya va personallashtirish Departamenti “Toshkent” xalqaro aeroportida pasport-viza boʻlimi katta inspektori pora bilan ushlandi.

U mansab vakolatidan foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamroxlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, katta inspektor 2025 yilning boshidan xozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan 42 nafar chet el fuqarolarining har biridan 300-700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, ularga chiqish vizasini hamda 8 nafar Oʻzbekiston fuqarolariga hamroxliq qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 200-400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida olganlik holatlari ham aniqlandi.

Hozirda ushbu qonun himoyachilariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent viloyatida MIB xodimi 6 yilga qamalgandi. U alimentdan qochgan fuqaroga yordam bermoqchi boʻlgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid