platina.uz
Jamiyat

Qozoqlar Olma-Ota togʻli hududlarida uy qurishni taqiqlamoqchi

Oʻzbekistonda esa butun boshli suv ombori yerlari qoʻsh-qoʻllab hali oʻzi mavhum investorga sotib yuborildi.

Qozoqlar Olma-Ota togʻli hududlarida uy qurishni taqiqlamoqchi

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Olma-Ota shahriga tashrifi chogʻida shahar yuqorisidagi togʻli hududlarda koʻp qavatli uylar va oraliq qurilishlarga moratoriy joriy etishni topshirgan. Bundan bosh rejaga kiritilgan ijtimoiy tuzilmalar va turizm klasterlari mustasno.

Gap nimada?

Qozogʻiston ham soʻnggi yillarda Oʻzbekiston kabi adogʻsiz qurilishlardan aziyat chekmoqda. Qurilishlar dastidan aholi noroziligi bildirib, yuklamalar ortib ketgani, ekologiya buzilgani haqida doimiy bong urib keladi. Demak, davlat rahbari ularga quloq solgan koʻrinadi.

Mazkur holat Oʻzbekiston bilan solishtirganda deyarli bir xil. Bizda ham jamoatchilik qurilishlardan, daraxt kesishlardan doim norozi, yuklamalar ortib, energoinqiroz boʻlayotgani, ekologiya buzilib ketayotganidan aziyat chekib keladi.

"Bundan tashqari, bosh rejaga atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish, shahar atrof-muhitini mutanosib rivojlantirish va togʻ oldi hududlarini obodonlashtirishdan asrashga qaratilgan oʻzgartishlarni zudlik bilan kiritish topshirildi", deyiladi Oqoʻrda xabarida.

Oʻzbekistondagi ahvol

Eng oxirgi xabarlarga qaraydigan boʻlsak, Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosi boʻylarida yangi turizm maskani qurilishi kun tartibidan tushmayapti. Jamoatchilik va faollar uning ekologik va iqtisodiy falokatlaridan ogoh etayotgan boʻlsa, masʼullar xavotirlanishga asos yoʻqligi, investorga talablar qatʼiy boʻlishini bildirganlar.

Vazirlar Mahkamasining 1 avgustdagi qarori bilan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohilida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Hujjatga koʻra, investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish boʻyicha hukumat komissiyasi Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasini 577 gektar maydonda loyihani amalga oshirish boʻyicha eng yaxshi taklif tanlovi gʻolibi sifatida tanlagan. Yana qanday takliflar koʻrib chiqilgani ochiqlanmagan.

Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda. Bosh rejani tezkorlik bilan ishlab chiqish uchun Britaniyaning Scott Brownrigg arxitektura firmasi jalb qilingan va amaliy ishlar boshlab yuborilgani aytiladi. Toshkent viloyati hokimligiga Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda qarorning ilovasida koʻrsatilgan yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi, ijara va foydalanish huquqini bosqichma-bosqich bekor qilishni, keyinchalik mazkur hududlarni boʻsh yerlar sifatida hisobga olishni taʼminlash topshirilgan.

Yer toifasi oʻzgartirilib, tuman hokimligiga oʻtkazilgandan soʻng, yer uchastkalari Sea Breeze Uzbekistan’ga toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga 25 yil muddatga uzaytirishning ustuvor huquqi bilan beriladi. Nomi oshkor etilmagan baholovchi tashkilot ijara qiymatini 1,7 trillion soʻm (133,2 mln dollar) deb baholagan. Biroq investor ijara uchun 5 yil davomida 17 mlrd soʻm(1,3 mln dollar)ni boʻlib-boʻlib toʻlashi shart. Bu miqdor ijaraning bozor bahosini kamaytirish koeffitsiyentidan foydalangan holda aniqlangan.

Dam olish maskanini qurish 2025-2035 yillarga rejalashtirilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurorti qurilishi yuzasidan ayrim savollarga javob bergan.

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, Chorvoq turizmni rivojlantirishning asosiy hududi hisoblanadi, bu esa kompleks yondashuvni talab qiladi. Agalarov Development kompaniyasi ijtimoiy infratuzilma, kanalizatsiya, obodonlashtirish va ish oʻrinlari bilan taʼminlangan kurort yaratish uchun 5 milliard dollar sarmoya kiritishni taklif qilgan. Loyiha davlat nazorati ostida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

"Bitta developer — bu yagona arxitektura, yirik kanalizatsiya tizimi, avtomobil yoʻllari, koʻkalamzorlashtirish tizimlari va masʼuliyat degani. Agar yer bir nechta quruvchilarga boʻlib berilganida, ziddiyat, tartibsizlik va nazoratning imkonsizligi yuzaga kelgan boʻlardi. Misol: Saudiya Arabistonidagi The Red Sea Project ham ekologiya va yagona yondashuvni saqlab qolish maqsadida yagona developerga topshirilgan", deyiladi xabarda.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davronjon Odilov loyiha doirasida suv taʼminoti va kanalizatsiya boʻyicha bildirilayotgan xavotirlarga izoh bergan.

"Ichimlik suvi bilan bogʻliq muammoni toʻgʻri koʻtaryapsizlar. Savol shundaki, bu suvdan faqat Chorvoqdagi turistik hududlar foydalanadimi yoki shahar hammi? Bugungi kunda shahar aholisi har kuni "Qodiriya" suv inshootidan 2 million kub metr suv olyapti. Xuddi shunday shaharlar bilan solishtiring. Nimaga endi hozir bitta Chorvoq boʻyidagi turizm loyihasi masalasi koʻtarilganda suv tanqisligiga yoki suv isrofiga oʻylab qoldik, yillar davomida shaharning ishlatib kelayotgan isrofini oʻylamayapmiz?" degan Odilov.

Uning taʼkidlashicha, Toshkent xalqaro meʼyorlarga nisbatan bir necha barobar koʻp suv isteʼmol qilmoqda.

Toshkent viloyati hokimligi esa Sea Breeze Uzbekistan kurort majmuasi qurilishiga doir rasmiy bayonot eʼlon qilib, loyiha doirasida tegishli majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishini, barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida amalga oshirilishini nazorat qilishini bildirgan.

Xususan, hokimlik loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlari ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari boʻyicha viloyat tuzilmalari tomonidan tizimli nazoratga olinishi taʼminlanishini bildirgan. Yer uchastkalarini ajratish, ijaraga berish va qayta rasmiylashtirish boʻyicha barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida, ekologik talablar inobatga olingan holda va ochiq monitoring sharoitida amalga oshirilishi nazorat qilinadi.

Jamoatchilik nima deydi?

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov shunday yozadi:

"Qaror bilan tanishib turib, koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan loyihaning faqat ekologik jihatiga eʼtibor qaratib, uning iqtisodiy va moliyaviy tarafi koʻzdan umuman qochirilmaganmi, degan savollar uygʻondi.

Eng avvalo, Qarorning birinchi bandiga koʻra, 577 gektar maydondagi 5 mlrd.dollarlik Agalarov Development MChJ ishtirokidagi Sea Breeze Uzbekistan MChJ taklifi eng yaxshi taklif deb topilgan. Demak, boshqa takliflar ham boʻlganmi shunda? Kimlardan boʻlgan va bu takliflar nega Agalarovlarnikidan jozibaliroq boʻlib chiqmagan? Sea Breeze Uzbekistan MChJning oʻzbek tarafidan ham ishtirokchisi bormi? Ular kimlar?

Ikkinchidan, boshqa investorlardan ham takliflar boʻlgan ekan, nima uchun xatarlarni kamaytirish uchun loyihani bir qoʻlli qilib gigantlashtirmasdan, hech qursa, Chorvoq chap va oʻng qirgʻogʻini alohida alohida turli investorlarga berish varianti oʻylab koʻrilmadi?

Uchinchidan, 5 mlrd dollarlik loyihani moliyalashtirish manbalari qanday? Agalarov va uning oilasining buncha mablagʻi yoʻq-ku. Qarz olinadimi? Qayerdan? Kimning nomiga? Qanday kafolatlar bilan?

Toʻrtinchidan, qarorning 4-bandiga koʻra, yer uchastkalari lotlarga boʻlingan holda boshqa shaxslarga cheklanmagan ravishda qayta ijaraga berilishi mumkinligi yozilgan. Agar loyihaning tashabbuskorida yetarli mablagʻlar manbai boʻlmasa, bu shunchaki developerning yer sotish (ijaraga berish) loyihasiga aylanib qolmaydimi? Nahotki biron-bir huquqiy kovenant oʻrnatilmagan?

Toʻrtinchidan, ijara huquqi qiymati namuncha kam? (577 gektar yerga 17 mlrd.soʻm va yana 5 yilga boʻlib toʻlashga). Nima uchun 0,01 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan? Chorvoqdagi boshqa turistik zonalardagi analogi boʻyicha ijara huquqi qiymati qanaqa? Axir janob Agalarov kasalxona qurmayaptiku, tijoriy obʼekt qurayapti.

Beshinchidan, chiqindi va oqova suvlarini Chirchiq shahri oqava suvlarni tozalash inshootiga yoʻnaltirish Sea Breeze Uzbekistan MChJning asosiy majburiyati deb belgilanmoqda. Eʼtibor bering, tozalash haqida gap ketmayapti. Hech qursa shu majburiyat bajarilishi uchun tashabbuskorning mablagʻi borligi oʻrganildimi? Bank kafolati soʻraldimi hech qursa? 5 mlrd dollarlik loyihaning boshqa texnogen, texnik, texnologik xatarlari sugʻurtalanadimi? Yo xuddi Boysundagi loyiha singari yana nimadir boʻlsa, byudjet (soliq toʻlovchilar) balogardon boʻladimi?

Oltinchidan, 5-bandga koʻra, istisno tariqasida qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat etilmoqda. Yangi Oʻzbekistonda oxirgi 8 yilda karrasiga qimmatlagan qurilishlar va barcha zararkunanda loyihalar aynan shunaqa istisnolar tufayli roʻy bermadimi? Oʻzi bunaqa lazeyka nima uchun taqiqlanganini nahotki bilmasak?

Yettinchidan, 9-bandga koʻra, Investitsiyalar vazirligiga infrastruktura yaratish uchun (yoʻllar, suv, oqava, elektr energiyasi, gaz, aloqa va hatto oʻsha ikki qirgʻoq oʻrtasida koʻprik qurish uchun ham) kredit jalb qilish vazifasi topshirilmoqda. Baraka topgurlar, suv, elektr va gaz mayli, oqova va koʻprik qurish investorning zimmasida emasmidi? Prezentatsiyalarda chalgʻitishganmidi yo?

Qarorni oʻqib, majburiyat va xatarlar, ayniqsa iqtisodiy va moliyaviy majburiyat va xatarlar Agalarovlarga emas, koʻproq oʻzbek tomoniga yuklatilgan, degan tasavvur uygʻondi. Ishqilib, investitsiya bitimi tuzishdan oldin loyiha iqtisodiy va moliyaviy ekspertizadan oʻtkazilsa boʻldi".

Shuningdek, Bakirov yangi roʻyxatdan oʻtgan developer va uning ustav fondi haqida ham xavotir bildirgan.

"Bunaqasi faqat yangi Oʻzbekistonda boʻladi.

Sea Breeze Uzbekistan MChJ 4 avgustda roʻyxatdan oʻtgan. 3 kun avval qabul qilingan hukumat qarorida uning nomi koʻrsatilgan edi. Yaʼni qarorni imzoga tayyorlaganlar hali yuridik jihatdan yoʻq kompaniyaga 5 mlrd dollarlik loyihani topshirib boʻlishgan.

MChJning taʼsischilari Agalarov Development va Ulugʻbek Mahmudov (50%dan ulushda). Ustav fondi 400 mln soʻm. Pochta manzili yanada ajoyib: example@gmail.com.

Davom etaveringlar. Endi oqlov-koʻklov ham shartmas. Sizlar yangi tarix yaratdinglar".

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid