Zominda qiymati 150 million dollarlik maishiy texnika zavodi qurilmoqda
Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini koʻzdan kechirdi.
Bu yoʻnalish boʻyicha yurtimizda katta salohiyat bor. Davlatimiz rahbari bu surʼatni davom ettirib, milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, Oʻzbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish vazifasini qoʻygan.
Zomindagi zavod buning bir qismi boʻladi.
“Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar. Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetadi.
.jpg)
Muhimi, yillik ishlab chiqarish hajmi 320 million dollar boʻladi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan taʼminlanadi.
Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.
Hozirgi oʻzgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning oʻzida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.
Avvalroq prezident Zomin texnoparkidagi loyihalar bilan tanishgandi.