Bangladeshda harbiy samolyot maktab ustiga quladi
Hozirgacha kamida 27 kishi qurbon boʻlgan. Oʻnlab kishilar shifoxonalarga yotqizildi.

Bangladesh Harbiy-havo kuchlariga tegishli oʻquv samolyoti poytaxt Dakkadagi maktab kampusiga quladi.
Oqibatda kamida 27 kishi halok boʻldi, 170 dan ortiq kishi jarohatlandi.
“Jami 27 kishi, jumladan, 25 nafar bola va bir uchuvchi halok boʻldi”, — dedi mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sayedur Rahmon. “78 kishi turli shifoxonalarda davolanmoqda”, — deya uning soʻzlarini keltiradi AFP.
Rasmiylarga koʻra, samolyotda texnik nosozlik yuzaga kelgan, uchuvchi muntazam mashgʻulot parvozini amalga oshirayotgan edi. Halokatning aniq sabablari oʻrganilmoqda.
BBC bilan suhbatlashgan guvohlarning soʻzlariga koʻra, samolyot toʻgʻridan-toʻgʻri ikki qavatli Milestone maktabi va kollejiga qulagan. Uttara shimolidagi maktabdan olingan videokuzatuv kameralari halokatdan keyin katta yongʻin va quyuq tutun hosil boʻlganini koʻrsatdi.
Kuyishlar va plastik jarrohlik milliy instituti shifokori jurnalistlarga aytishicha, 50 dan ortiq odam, bolalar va kattalar kuyish jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Voqea joyidan olingan suratlarda oʻnlab qutqaruvchilar omon qolganlarni topish uchun kuygan vayronalarni tekshirayotgani, olomon esa vaziyatni tomosha qilish uchun atrofdagi binolarga chiqishganini koʻrish mumkin.
Harbiylar hodisaga oʻz samolyotlaridan biri aloqadorligini tasdiqladi. "Bangladesh Harbiy-havo kuchlarining F-7 BGI oʻquv samolyoti Uttara shtatida halokatga uchradi. Samolyot 13:06 (GMT 07:06) da havoga koʻtarilgandi", — deyiladi harbiy havo kuchlari xabarida.
Poytaxtdagi aviabazadan havoga koʻtarilgan uchuvchi mexanik muammoga duch kelganidan soʻng samolyotni siyrakroq aholi punktiga olib borib qoʻndirishga uringan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Vetnamda sayyohlar kemasi agʻdarilib, 34 kishi halok boʻlgandi.