Qirgʻizistondan 5,2 mlrd soʻmlik tillalarni olib kirayotgan shaxs ushlandi
Mazkur fuqaro 400 AQSh dollari xizmat haqi evaziga qimmatbaho buyumlarni chegara bojxona postidan oʻtkazib berishi kerak boʻlgan.

Qirgʻizistondan 5,2 mlrd soʻmlik tilla buyumlarni noqonuniy olib kelgan shaxs ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon va Fargʻona viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda Qirgʻiz Respublikasidan “Vodil avto” chegara bojxona posti orqali Fargʻona viloyati hududiga oʻtgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 1992 y.t. fuqaro toʻxtatilib, oʻrnatilgan tartibda tekshirildi.
Natijada, ushbu shaxs egnidagi kiyimlari ostiga yashirgan holda, jami 859 dona zargarlik buyumlari va 1 dona qoʻl soatini qoʻshni davlatdan olib kelganligi aniqlandi.
Ekspertlar xulosasiga koʻra, kimyoviy tarkibi oltin hisoblangan, brilliant toshlari bilan bezak berilgan mazkur zargarlik buyumlarining sof ogʻirligi 4 kg. 155 gr. boʻlib, umumiy bahosi 5 mlrd 213 mln soʻmni tashkil etadi.
Aniqlanishicha, Andijon va Fargʻona viloyatlarida yashovchi 10 nafarga yaqin savdogarlar tomonidan Turkiya davlatidan Qirgʻiz Respublikasiga olib kelingan ushbu zargarlik buyumlarini mazkur shaxs 400 AQSh dollari xizmat haqi evaziga chegara bojxona postidan oʻtkazib berishi kerak boʻlgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida ushbu qimmatbaho buyumlar egalarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahar IIBB inspektori ushlangandi.