platina.uz
Tahlil

Toshkent propiskasi rasman yoʻq boʻldi

Prezident 10 iyulda imzolagan yangi qonunda fuqarolarni roʻyxatga olishning yangi tartiblari keltirilgan. Platina.uz qonun mohiyatini sharhlaydi.

Toshkent propiskasi rasman yoʻq boʻldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 10 iyul kuni “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonun(OʻRQ–1074-son)ni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 15 oktabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2025 yil 24 yanvarda maʼqullangan.

Platina.uz ushbu qonunning asosiy jihatlarini havola qiladi. Eng avvalo qayd etish kerak, "Toshkent propiskasi" degan atama mazkur qonun bilan butkul yoʻq boʻladi. Bu atama haligacha yuraklarga gʻul-gʻula solib turganini Transport vazirligi yaqinda bir eslatib qoʻygandi.

Xususan, ushbu qonun bilan 2011 yil 14 sentabrda qabul qilingan "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida"gi va 2020 yil 13 mayda qabul qilingan "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida"gi qonunlar oʻz kuchini yoʻqotgan.

Oʻzbekiston boʻyicha roʻyxatga qoʻyish

Oʻzbekiston fuqarolari yashash joyi oʻzgargan taqdirda, yangi yashash joyiga kelgan kundan eʼtiboran 10 ish kunidan kechiktirmay roʻyxatdan oʻtishi shart.

Quyidagi hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi mumkin:

  • chegara zonasida;
  • yopiq harbiy shaharchalarda;
  • yopiq maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda;
  • tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarda, fuqarolarning hayoti, sogʻligi va xavfsizligiga tahdid soladigan boshqa joylarda;
  • yuqumli kasalliklarning hamda yuqumli boʻlmagan ommaviy kasalliklarning tarqalishi, odamlarning zaharlanish xavfi mavjud boʻlganligi munosabati bilan aholining yashashi hamda xoʻjalik faoliyati uchun alohida shartlar va rejimlar joriy etilgan ayrim hududlarda hamda aholi punktlarida;
  • oʻta muhim va toifalangan obʼektlarda;
  • favqulodda yoki harbiy holat eʼlon qilingan hududlarda.

Ichki ishlar vazirligi yashash joyi va turgan joy buyicha roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Fuqarolarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish:

  • ichki ishlar organlarining migratsiya va fukarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida (shaxsan murojaat qilinganda);
  • ichki ishlar organlarining tayanch punktlarida va mahalla huquq-tartibot maskanlarida (shaxsan murojaat qilinganda);
  • davlat xizmatlari markazlarida (shaxsan murojaat qilinganda);
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orkali (xabardor qilish tartibida);
  • Ye-xabar berish tizimi orqali (xabardor qilish tartibida);
  • joylashtirish vositalarida yoki davolash muassasalarida Ye-mehmon tizimi orqali (xabardor qilish tartibida) amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston fuqarosining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganligi mavjud emasligi uni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.

Roʻyxatdan oʻtish masalasida quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) uy-joy maydonini berish toʻgʻrisidagi arizasini (roziligini), shaxsan borish imkoni mavjud boʻlmaganda esa uning (ularning) notarial tartibda tasdiqlangan arizasini (roziligini);
  • turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) pasportini (yashash guvohnomasini) yoki identifikatsiyalovchi kartasini;
  • roʻyxatdan oʻtayotgan shaxsning pasportini yoki identifikatsiyalovchi kartasini;
  • 16 yoshga toʻlmagan bola arizada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasini yoki shaxsini tasdiqlovchi boshka hujjatlarni;
  • vasiylikdagi (homiylikdagi) bola yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bola arizada koʻrsatilgan taqdirda, vasiylikni (homiylikni) tasdiqlovchi hujjatlarni yoki bolani oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni.

Fuqarolarni korxona, muassasa va tashkilotlar tasarrufidagi xizmat turar joyida (yotokxonada) yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish turar joyning hujjatiga (orderga) yoki mazkur tashkilotlar rahbarlarining yozma roʻyxatiga asosan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida (shaxsan murojaat qilinganda) amalga oshiriladi.

Fuqaroni yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron soʻrovnomani (arizani) koʻrib chiqish muddati 1 ish kunidan oshmasligi kerak.

Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxsga yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganlik haqidagi elektron va (yoki) qogʻoz shaklidagi maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.

Agar turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganlik muddati tugagan boʻlsa, ammo shaxs ushbu joyda boʻlishni davom ettirsa, u 10 ish kuni ichida turgan joyi boʻyicha yangidan roʻyxatdan oʻtishi zarur.

Turar joydan foydalanish huquqi sud tomonidan belgilangan shaxslarning roziligisiz ularning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish faqat sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Roʻyxatga qoʻyishda davlat boji undiriladi.

Uy-joy maydoni va chet ellik fuqarolar

Yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir kishi hisobiga 16 kvadrat metrdan kam boʻlmagan umumiy maydon hajmida, oʻrindiqli aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa 23 kvadrat metrdan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi.

Quyidagi fuqarolarga nisbatan ularni yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida yuqaridagi qoidalar qoʻllanilmaydi:

  • erga (xotinga) nisbatan – bir-birining yashash joyi boʻyicha uy-joy maydoniga;
  • ota-onalar, farzandlarga nisbatan – bir-birining yashash joyi boʻyicha uy-joy maydoniga;
  • buva, buvi, nevaralarga nisbatan – bir-birining yashash joyi boʻyicha uy-joy maydoniga;
  • vasiylikdagi (homiylikdagi), shuningdek, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslarga nisbatan – vasiyning (homiyning), tutingan otaning yoki onaning yashash joyi boʻyicha uy-joy maydoniga;
  • aka-ukalar, opa-singillarga nisbatan – bir-birining yashash joyi boʻyicha uy-joy maydoniga;
  • ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga nisbatan – oldingi yashash joyiga, yaʼni oʻz oila aʼzolarining, qarindoshlarining yoki hukm qilinguniga qadar oʻzi birgalikda yashab turgan boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga.

Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekistonda doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish ichki ishlar organlarining migratsiya va fukarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida shaxsan murojaat qilinganda amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlmagan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.

Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekistonda doimiy yashash uchun ruxsatnoma Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati asosida beriladi.

Chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekistonda doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish tartibi hamda Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Jazolar

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yoʻl qoʻyilishi, xuddi shuningdek shaxslar tomonidan oʻz turar joylarida Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan yashashiga yoʻl qoʻyilishi – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun quyidagi hollarda maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi, agar u:

  • 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa;
  • 60 yoshdan oshgan boʻlsa;
  • toʻliq davlat taʼminotida boʻlsa;
  • Oʻzbekiston yoki chet davlat hududida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun moʻljallanmagan joylarning yongʻinlari, qulashi, transport vositalarining yonishi) roʻy berganligi natijasida jabrlangan boʻlsa;
  • qonunga xilof ravishda hukm qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilingan boʻlib, pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining amal qilishi sud ajrimiga koʻra toʻxtatib turilgan boʻlsa;
  • jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtayotgan boʻlsa yoki jazoni oʻtab chiqib, bir oy ichida identifikatsiyalovchi ID-karta rasmiylashtirish uchun murojaat qilsa;
  • uchinchi shaxslarning gʻayrihuquqiy harakatlari yoki jinoyat sodir etilganligi oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ular yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu faktlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan hollarda);
  • xizmat vazifalarini yoki fuqarolik burchini bajarish chogʻida, shuningdek yengib boʻlmas kuch, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ularning yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bersa (ushbu hollar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda aniqlangan taqdirda).

Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ham javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi. Yaʼni 2025 yil 12 oktabrdan. Ungacha barcha hujjatlar mazkur qonunga moslashtirilishi kerak.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid