platina.uz
Jamiyat

Tadbirkorlarga belgilangan salkam 2 mlrd soʻm qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi

“Hududgaz Jizzax” ularga katta miqdorda asossiz qarzdorlik yozib kelgani aytilgan.  

Tadbirkorlarga belgilangan salkam 2 mlrd soʻm qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi

1 mlrd 800 mln soʻmdan ortiq hisoblangan asossiz qarzdorlik tadbirkorlar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Qoʻmita va uning hududiy organlariga tadbirkorlik subʼektlaridan tabiiy gaz uchun asoslantirilmagan holda notoʻgʻri qarzdorliklar hisoblanganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Xususan, Qoʻmitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga “Jizzax yoʻl qurish taʼmirlash” MChJga “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali tomonidan asossiz qarzdorlik belgilanganligi yuzasidan tushgan murojaat oʻrganib chiqildi.

Oʻrganishlarda mazkur MChJning abonent kartasiga amalda sarflanmagan tabiiy gaz hajmlari kiritish orqali undirilgan 726 mln 314 ming soʻm mablagʻ asossiz ekanligi aniqlanib, tadbirkorlik subʼekti foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi.

Maxsus komissiya tomonidan gaz taʼminoti korxonasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, tegishli koʻrsatma berildi.

Xuddi shu kabi, Jizzax shahridagi “Sofitel” MChJ shaklidagi Oʻzbek-Xitoy qoʻshma korxonasining ham murojaati oʻrganib chiqilib, “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali tomonidan tadbirkorlik subʼektiga nisbatan asossiz ravishda belgilangan tarifni 2 baravari qoʻllanilishi natijasida 1 mlrd 107 mln 914 ming soʻm notoʻgʻri hisoblangani aniqlangan. Maxsus komissiya tomonidan belgilangan tartibda gaz taʼminoti korxonasiga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan va mazkur mablagʻlarni qoʻshma korxona foydasiga qayta hisob-kitob qilish boʻyicha tegishli qaror qabul qilinib, koʻrsatma berilgan.

Avvalroq aholiga hisoblangan salkam 2 mlrd soʻmlik qarzdorlik bekor qilinishi maʼlum boʻlgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid