Telegram orqali giyohvand moddalarini sotgan besh kishi ushlandi
Ular Yangihayot tumanida ijara asosida yashab, narkodoʻkon orqali mahsulot sotgan.

Telegram messenjeri orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodoʻkonning 5 nafar aʼzosi qoʻlga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan, Telegram messenjeri orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodoʻkonning 5 nafar aʼzosi qoʻlga olindi.
Ular 400 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotganliklari maʼlum boʻldi.
Qoʻlga olingan shaxslarning koʻrsatmasi asosida, ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan boʻlgan “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodoʻkon operatori vazifasini bajaruvchi, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr “gashish” moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olindi.
Taʼkidlash lozimki, narkoguruh aʼzolari mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shugʻullanishgan.
Hozirda ularning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX avval 2 tonnadan oshiq giyohvand moddalarini yoʻq qilgandi.