platina.uz
Jahon

Eronning AQSh bazasiga hujumi Qatarga nisbatan tahdidmi?

Bunday holatlarda hujumkor va hujum qurboni qanday javobgarlik va huquqlarga ega boʻladi? Xalqaro huquq meʼyorlari asosida bu vaziyatga qanday baho beriladi?

Eronning AQSh bazasiga hujumi Qatarga nisbatan tahdidmi?
Fotokollaj: Platina.uz

Isroil 13 iyunga oʻtar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, yadroviy inshootlar va harbiy bazalariga oʻnlab raketa zarbalari berdi. Eronning 20 ga yaqin mashhur yadro fizikasi olimlari va yuqori lavozimli harbiylarini oʻldirdi.

Eron ham javob zarbalari berdi. Yakka oʻzining kuchi yetmasligiga amin boʻlgan, Eronning harbiy qudratini yetarlicha baholay olmagan Isroil AQShdan yordam soʻradi, bu urushga qoʻshilishini soʻradi. Natijada Donald Tramp Kongressning ruxsati va BMT mandatini olmasdan Isroil va Eron oʻrtasidagi harbiy mojaroga kirdi.

Amerika armiyasi Eron yadroviy dasturining uchta joyiga zarba berdi. B-2 bombardimonchi samolyotlari Fordo zavodiga ehtimol oʻn ikkita 13,6 tonnalik bunker bombasi bilan hujum qildi va yana ikkita bunday bomba Natanzga tashlandi. Suvosti kemalari Natanz va Isfahondagi yadroviy obʼektlarga 30 ta Tomahawk raketasini uchirdi. AQSh prezidenti Donald Tramp xalqqa murojaatida Eronning uranni boyitish boʻyicha eng muhim inshootlari yoʻq qilinganini aytdi. Biroq mustaqil xalqaro kuzatuvchilar bu obʼektlar toʻla yoʻq qilinmagani, boyitilgan uran esa bombalashdan 3 kun avval bu obʼektlardan olib chiqib ketilganini taxmin qildi. Eron tomoni ham buni tasdiqladi.

Eron bu hujumlarga javoban avval vaʼda berganidek AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga hujum qildi. 18 iyun kuni Qatardagi “Al-Udeyd” Amerika bazasiga raketa zarbalari berdi. Eronning Islom muhofizlari korpusi mazkur bazani AQSh harbiylarining mintaqadagi “eng yirik strategik aktivi” deb ataydi. Operatsiya "Gʻalaba xushxabari" deb nomlandi.

Tehron AQSh bazasiga qilingan hujum Qatarga "hech qanday tahdid solmasligini" aytdi. Oʻz navbatida, Doha Eron hujumiga javob berish huquqini oʻzida saqlab qolishini taʼkidladi. Qatar havo mudofaasi Eron tomonidan "hujumni muvaffaqiyatli qaytardi" va Eron raketalarini tutib oldi, dedi Qatar TIV matbuot kotibi Majid bin Muhammad al-Ansoriy.

Eron AQShning Qatardagi bazalari tomon oltita raketa uchirdi. Doha ustida portlashlar eshitildi, bu havo hujumidan mudofaa tizimi sabab boʻlgan. Saudiya Arabistoni Eronning Qatardagi AQSh bazasiga "nohaq" hujumini qoraladi va hujumga uchraganlarni "toʻliq qoʻllab-quvvatladi". Pentagon hujumni tasdiqladi. Oq uy Eronning javob zarbasidan keyin keskinlashuvni istamasligini va javob qaytarilmasligini bildirdi. Biroq Eronni keyingi keskin qadamlardan qaytardi.

Eron Qatarga hujum qildimi?

Mazkur voqealar kuzatuvchilarda bir qator savollar tugʻdirdi. Masalan, Eronning bu hujumi Qatarga tahdid yoki urush ochish deb hisoblanishi mumkinmi? Bunday holatlarda hujumkor va hujum qurboni qanday javobgarlik va huquqlarga ega boʻladi? Xalqaro huquq meʼyorlari asosida bu vaziyatga qanday baho berilishi mumkin?

Avvalo shuni aytish kerakki, rasman olib qaraganda, Eron Qatarga hujum qilgani yoʻq. Tehron Qatar infratuzilmasi yoki qurolli kuchlarini emas, faqat Amerika harbiy obʼektlarini nishonga olgan. Lekin shu bilan birga, hujum qilingan hudud Qatarning xalqaro tan olingan hududidir. Hujum Qatarga qaratilmagan taqdirda ham uning suvereniteti va havo chegarasi buzilgan.

BMT Nizomining 2-moddasi har qanday davlatning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishni taqiqlaydi. Shunday ekan, Eron Qatarga hujum qilmoqchi boʻlmagan taqdirda ham, Qatar tuprogʻidagi bazaga zarba berishning oʻzi uning suverenitetini buzadi.

Bu vaziyada Qatar qanday pozitsiyani egallashi kerak?

Tan olish kerak, Qatar juda nozik vaziyatga tushib qoldi. Bir tomondan, Eron raketalari zarbasi “amerikaliklarga qarshi” boʻlsa-da, oʻz hududiga zarba berilganini qoʻllab-quvvatlay olmaydi. Boshqa tomondan, Qatar bilan strategik xavfsizlik shartnomalari vositasida bogʻlangan AQShni qoralay olmaydi.

Xalqaro huquqqa muvofiq, Qatar oʻz hududini har qanday xorijiy hujumdan himoya qilishga majbur. Shu bilan birga, AQSh oʻz bazasidan Eronga qarshi provokatsiyalar uchun foydalanishiga sanksiya bermaganini eʼlon qilish huquqiga ega. Bu betaraflik va ittifoq oʻrtasidagi qiyin muvozanat boʻlib, 2003 yilda Turkiyada AQShga oʻz hududidan Iroqqa hujum qilish uchun foydalanishga ruxsat bermagan vaziyatni eslatadi.

Aniq jihati shundaki, Qatar BMTga (shu jumladan, Xavfsizlik kengashiga) oʻz hududiy yaxlitligi buzilgani yuzasidan norozilik bildirish huquqiga ega. Qatar, shuningdek, AQSh bilan harbiy bazani joylashtirish boʻyicha kelishuvni qayta koʻrib chiqish, bekor qilish yoki toʻxtatib turish, Erondan tovon puli talab qilish, rasmiy norozilik eʼlon qilish, BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilish, nizoni koʻrib chiqish uchun xalqaro sudlarni (masalan, Xalqaro sudni) jalb etish huquqlariga ega.

Yoki AQShga qarshi hujum boʻldimi?

Xoʻsh, unda Eron AQShga hujum qilgan hisoblanadimi? Ha, bu Amerika qurolli kuchlariga hujum va bu holatda xalqaro huquq meʼyorlari aniqroq talqin etiladi. Xususan, xorijda joylashgan AQSh harbiy xizmatchilariga qilingan hujum mamlakatning oʻziga qilingan hujumga teng. BMT Nizomining 51-moddasiga koʻra, AQSh oʻzini himoya qilish huquqiga ega.

Ammo bu yerda paradoks bor: AQShning oʻzini himoya qilishi mojaroni kuchaytirishi mumkin va har qanday javob Qatarning pozitsiyasini ham hisobga olishni talab qiladi. Chunki AQSh bazasi uning hududida joylashgan.

Qatar AQShdan harbiy bazasini olib chiqishni talab qila oladimi?

Nazariy jihatdan, Qatar AQShdan harbiy bazani olib chiqishni talab qilish huquqiga ega. Harbiy mavjudlik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama kelishuvga koʻra, mezbon davlat (bu holatda Qatar) joylashtirish shartlarini qayta koʻrib chiqishi mumkin. Amalda, bu favqulodda qadam boʻladi va xavfsizlik kafolatlarini yoʻqotish hamda Gʻarbning siyosiy ihotalashiga sabab boʻlishi mumkin. Lekin bunday qadam orqali Qatar Eron yoki Turkiya bilan yaqinlashish mumkin.

Yana bir jihatni ham faromush qilmaslik kerak. Maʼlumki, xalqaro odatiy huquq tamoyillari va Xalqaro sud amaliyoti bir maʼnoga ega. Biror davlat hududiga uning roziligisiz amalga oshirilgan har qanday hujum, hatto nishon uchinchi davlatning harbiy bazasi boʻlsa-da, suverenitetning buzilishi hisoblanadi. Xorijiy bazani joylashtirishga rozilik avtomatik ravishda oʻz hududida harbiy amaliyotlarda qatnashishga rozilikni anglatmaydi.

Qurbonlar uchun qaysi taraf javobgar boʻladi?

Agar hujumda Qatardagi tinch aholi jabrlanganida, buning uchun javobgarlik Eron zimmasida boʻlar edi, albatta. Yaxshiyamki, qurbonlar va jabrlanganlar boʻlmadi. Xalqaro gumanitar huquq meʼyorlariga koʻra, zarbalar mutanosib va tanlangan boʻlishi kerak. Yaʼni maqsadlarni farqlash tamoyiliga rioya etilishi lozim. Agar raketalar fuqarolik obʼektlariga tushsa, buni harbiy jinoyat deb hisoblash mumkin.

Xalqaro reaksiya va huquqiy oqibatlar

BMT, har doimgidek, "har ikki tomonning zoʻravonliklarini" qoraladi. Ammo huquqiy jihatdan, AQSh oʻzini himoya qilish bilan javob berishga haqli. Qatar esa suverenitetini buzganlik uchun Eron ustidan xalqaro shikoyat qilish huquqiga ega. Biroq Qatar bunday qadam qoʻymadi.

Eron tomoni esa tajovuzga javob berganini yoki tahdidni oldindan bartaraf qilganini daʼvo qilishi mumkin. Biroq tan olish kerak, bu xalqaro huquq nuqtai nazaridan munozarali amaliyotdir.

Umuman olganda, Eronning bu hujumi agressiya sifatida malakalanishi mumkin. Xorijiy hududga Eron tomonidan urushsiz, BMT Xavfsizlik kengashi mandatisiz va Qatardan tahdid boʻlmagani holda zarba berish – xalqaro agressiya jinoyati sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin.

Xalqaro jinoiy sudning Rim statutining 8-bis moddasiga koʻra, agressiya jinoyati – bu oʻzining tabiati, ogʻirligi va miqyosi boʻyicha BMT Nizomining aniq buzilishini tashkil etuvchi bosqinchilik harakatini rejalashtirish, tayyorlash, boshlash yoki amalga oshirish hisoblanadi.

Agar hujum natijasida tinch aholi vakillari qurbon boʻlsa, harbiy va fuqarolik maqsadlari oʻrtasidagi mutanosiblik va farq tamoyiliga rioya qilinmasa, bu Rim statutining 8-moddasiga muvofiq harbiy jinoyatlar boʻyicha ayblov eʼlon qilinishiga olib kelishi mumkin.

Xulosa

Shubhasiz, Qatardagi harbiy bazaga zarba – bu tizimga zarba hisoblanadi.

Shu bilan birga, Qatardagi AQSh bazasiga qilingan hujum mojaro zonalarida xalqaro ittifoqlarning zaifligini, asimmetrik ziddiyatlarda xalqaro huquqning nomutanosibligini, mintaqaviy urushlarda Qatar kabi xorijiy harbiy bazalarni oʻzida joylashtirgan mezbon davlatlarning rolini qayta koʻrib chiqish zaruratini oshkor qilib qoʻydi. Bu shunchaki Eron-Amerika qarama-qarshiligidagi epizod emas. Bu – raketalar chegaralarda ruxsat soʻramaydigan dunyoda qanday oqilona yoʻl tutish kerakligi va bu bilan bogʻliq xalqaro huquq qonunchiligini qayta koʻrib chiqish zaruriyati borligini koʻrsatuvchi holatdir.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid