Poytaxtda 18 km gastronomik va turizm koʻchalari tashkil etiladi
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida bepul vay-fay tarmoqlari va 100 ta zamonaviy hojatxona ham quriladi.

Toshkent shahrida uzunligi 18 km boʻlgan gastronomik va turizm koʻchalari tashkil etiladi, 500 ta xizmat koʻrsatish va servis obʼektlari ishga tushiriladi.
Gastronomik va turizm koʻchalari boʻylab bepul vay-fay tarmogʻi ham tashkil etiladi.
Natijada 2500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 2025 yil 1 oktabrgacha tayyor boʻlishi moʻljallangan ushbu loyihaga jami 540 mlrd soʻm ajratiladi.
Shuningdek, tunu kun ishlaydigan chakana savdo, xizmat koʻrsatish obʼektlari va umumiy oshxonalarining ish rejimi 24/7 rejimda ishlashi haqida belgilar oʻrnatiladi.
Poytaxtning markaziy koʻchalari, chorrahalari va aholi gavjum joylari atroflarida rivojlangan davlatlar tajribasi asosida 100 ta zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari (hojatxonalar) tarmogʻi yaratiladi. Tegishli tashkilotlar xulosalarini olish va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish 2025 yil 20 avgustgacha amalga oshishi kerak.
Bundan tashqari, yil davomida Pepsi music Fest, Art Fest, Beer Fest, Fashion Fest va Food Fest kabi yirik festivallar hamda dunyoga eng mashhur sanʼatkor(dijey)lar ishtirokida katta konsertlar tashkil etish uchun 50 mlrd soʻm sarflanadi.
Avvalroq poytaxtda yil oxirigacha 4 ta yangi mehmonxona qurilishi haqida xabar berilgandi.