Oʻzbekiston Isroilning Eronga qarshi amaliyoti sabab chuqur tashvish bildirdi
TIV mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarga koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan.

Oʻzbekiston TIV Isroil va Eron oʻrtasidagi keskinlik boʻyicha bayonot berdi.
Oʻzbekiston tomoni insonlarning halokatiga va Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildirgan.
"Barcha tomonlarni toʻliq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol toʻxtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etishga chaqiramiz.
Keng koʻlamli toʻqnashuvga olib kelishi mumkin boʻlgan jiddiy vaziyatning yanada keskinlashuvi xavotir uygʻotmoqda.
Oʻzbekiston mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarga koʻmaklashishga tayyorligini bildiradi", deyiladi TIV bayonotida.
Eslatib oʻtamiz, 13 iyun kuni Isroil Eron hududiga zarbalar berdi. Oqibatda bir necha kishi, jumladan yadro olimlari ham halok boʻldi.