“Humans” oʻz majbriyatlarini muntazam bajarmay kelgani maʼlum boʻldi
“Oʻzbektelekom” AKning xabariga koʻra, Humans oʻz tarmogʻini yaratish uchun sarmoya kiritmagan, yana kamiga katta qarzdorlikni toʻlamay kelmoqda.

Ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan “Humans” MChJ ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirmoqchiligi yuzasidan maʼlumotlar tarqalgandi. Avvalroq Humans'ning oʻzi “Oʻzbektelekom” AKning qarzlarni toʻlash, aks holda tarmoqdan uzib qoʻyilishi haqidagi ogohlantirishidan keyin, Raqobat qoʻmitasiga shikoyat arizasi kiritgani ham OAV orqali tarqalgan edi.
Oʻzi aslida nima boʻlgan edi?
Birinchidan, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, oʻz tarmogʻini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun, u mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatishga 2020 yildan buyon shartnoma asosida “Oʻzbektelekom” AK mobil tarmogʻidan foydalanib kelgan.
Ikkinchidan, baʼzi OAVlarda “Oʻzbektelekom” AK tomonidan Humans operatoriga nisbatan “bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim oʻtkazayotgani” toʻgʻrisida noxolis axborotlar tarqalmoqda. Aslida: Humans oʻz infrastrukturasiga ega “Oʻzbektelekom” AKdan tashqari Ucell, Beeline, Mobi.uz kabi boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini koʻrsatishi mumkin, qonunchilikda faqat “Oʻzbektelekom” AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak deb hech joyda belgilanmagan.
Uchinchidan, “Oʻzbektelekom” AK Oʻzbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga yanada qulay qilish boʻyicha muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada, Xalqaro internet kanallarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017-2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirildi.
Toʻrtinchidan, Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, yaʼni koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha katta miqdorda qarzdorlikni toʻlamagan. “Oʻzbektelekom” AK faqat isteʼmolchilar xuquqi buzilmasin, ular Humans boʻladimi, boshqa operatormi isteʼmolchi toʻlagan puliga yarasha xizmat olsin, deb oʻz xizmatini davom ettirgan.
Shu munosabat bilan “Oʻzbektelekom” AK mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga daʼvo arizasi kiritishga majbur boʻldi. Mazkur daʼvo joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudining “Oʻzbektelekom” AK tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan “Humans” kompaniyasiga nisbatan chiqargan sud qarori eʼlon qilindi.
Agar kelgusida jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalgʻituvchi, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilsa, “Oʻzbektelekom” AK oʻz ishbilarmonlik obroʻsini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
“Oʻzbektelekom” AK ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan, Humans kompaniyasi bilan, ular oʻz majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq.