platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev akademik Azimboy Saʼdullayev vafoti sabab taʼziya bildirdi

Akademik AQSh olimlari bilan hamkorlikda yangi yoʻnalish boʻlgan kompleks potensiallar nazariyasi asosini yaratgan. 

Shavkat Mirziyoyev akademik Azimboy Saʼdullayev vafoti sabab taʼziya bildirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Mamlakat ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Azimboy Saʼdullayev 2025 yil 28 may kuni 78 yoshida vafot etdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqa siyosiy arboblar hamdardlik bildirdi.

Azimboy Saʼdullayev 1947 yil 9 yanvarda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tugʻildi. 1969 yilda Moskva davlat universitetini matematika mutaxassisligi boʻyicha tamomladi. Mazkur universitet aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, 1995 yilda haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Azimboy Saʼdullayev oʻzining 55 yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) oʻqituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri, fakultet dekani, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta ilmiy xodimi, Urganch davlat universiteti rektori, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi kabi masʼul lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi va oʻzining yuksak ilmiy-pedagogik va rahbarlik salohiyatini namoyon etdi.

Mashhur matematik olimning ilmiy ishlari mamlakatimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan. Ayniqsa, uning AQSh olimlari bilan hamkorlikda yangi yoʻnalish boʻlgan kompleks potensiallar nazariyasi asosini yaratgani, hozirgi kunda ushbu ishlanma amaliyotda keng qoʻllanilayotgani fan olamida yaxshi maʼlum.

Isteʼdodli olimning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari, 15 ta monografiyasida matematika sohasining koʻplab dolzarb masalalari atroflicha tadqiq etilgan.

Azimboy Saʼdullayev 1995-2004 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirishda jonbozlik koʻrsatdi.

Akademik ASaʼdullayev 2020 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid