TIVga oʻzbekistonliklarning AQShga kirishida viza talablarini yengillashtirish boʻyicha muzokara boshlash topshirildi
AQSh fuqarolari uchun esa 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi kutilyapti.

Oʻzbekiston fuqarolariga AQShga kirish vizasi talablarini yengillashtirish choralari koʻriladi.
“2025—2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, Tashqi ishlar vazirligi 3 oy muddatda AQSh fuqarolari uchun Oʻzbekistonga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda Oʻzbekiston fuqarolariga AQShga kirish uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash va yakuni boʻyicha taklif kiritish topshirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi va hokimlarni YeI, Rossiya, Xitoy, arab davlatlari, Janubiy Koreya, Indoneziya kkabi davlatlardan sayyohlarni koʻpaytirish uchun biriktiradi.
2025 yil oxirigacha turizm xizmatlari eksporti 4 mlrd dollarga yetkaziladi.
Avvalroq uch davlat fuqarolariga nisbatan vizasiz rejim joriy etilgandi.