platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: MRBning “Siklon” operatsiyasi

Afgʻonistonda oʻqitilgan va qurollantirilgan kuchlar keyinchalik mintaqada va butun dunyoda yangi mojarolar va terrorchilik harakatlariga zamin tayyorladi.

Koʻrinmas front jangchilari: MRBning “Siklon” operatsiyasi
Fotokollaj: Platina.uz

Afgʻoniston togʻlari 1979 yilda nafaqat izillagan sovuq shamollarga, balki oʻta maxfiy bir amaliyot natijalariga ham guvoh boʻlgan edi. Afgʻon zamini 1979 yilning oxirlaridan boshlab 10 yil davomida Amerika qoʻli bilan boshqarilgan ulkan spektakl sahnasiga aylandi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining (MRB) afgʻon mujohidlarini qurollantirishga qaratilgan mazkur dasturning maxfiy kod nomi – “Siklon” operatsiyasi (inglizcha Operation Cyclone) edi.

MRB tomonidan amalga oshirilgan va tarixga eng qimmatbaho, eng uzoq davom etgan maxfiy amaliyot sifatida kirgan “Siklon” operatsiyasi Afgʻoniston urushi (1979–1989 yillar) davrida Afgʻoniston mujohidlarini qurollantirish va tayyorlashni maqsad qilgan. Time jurnali 2003 yilda bu haqda shunday yozgan edi: “Siklon” – Amerika maxfiy xizmatining eng katta va eng xavfli tavakkalchiliklaridan biri boʻlgan edi”. Maqsad – mintaqaning neft zaxiralari ustidan nazorat oʻrnatishning oldini olish edi. AQSh harbiy yordami olganlar orasida Usoma bin Lodin ham bor edi. (Ushbu shaxs haqida saytimizda oʻqing.)

Dasturning moliyalashtirilishi yillik 20-30 million AQSh dollari miqdorida boshlangan va 1987 yilga kelib, yiliga 630 million dollarga yetgan. Amerikalik qurol-yarogʻ va harbiy texnika asosiy ravishda Pokiston orqali yetkazilgan, mujohidlarning oʻquv lagerlari ham shu yerda joylashgan edi. Jami dastur xarajatlari taxminan 3 milliard dollarni tashkil etgan. Bundan tashqari, 1981-1993 yillar oraligʻida AQSh Pokistonga ikki marta iqtisodiy yordam va harbiy shartnomalar uchun umumiy 7,4 milliard dollar ajratgan. Mujohidlarga moliyaviy yordam Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Xitoy, Yaponiya, Eron va boshqa Yevropa hamda arab mamlakatlari tomonidan ham koʻrsatilgan. 1989 yili sovet qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqarilgandan soʻng, AQSh “Siklon” dasturini tugatib, hukumatga qarshi qoʻzgʻolonchilarni moliyalashtirishni toʻxtatgan.

Xato prognoz – “neft uchun kurash”

Aslida mojaro bu operatsiyaga ruxsat berilishidan 2 yil avval – 1977 yilda boshlangan edi. MRB oʻshanda shoshma-shosharlik bilan quyidagi xulosaga kelgan edi: sovet ittifoqi tez orada neft tanqisligiga duch keladi va Yaqin Sharqqa yopiriladi. Buning oldini olish uchun Vashington muhim bir qaror qabul qildi: Moskvani Afgʻoniston botqogʻiga botib qolishini kafolatlovchi tuzoq tayyorlash kerak.

“Siklon” dastlab yiliga 20-30 million dollar mablagʻ bilan moliyalashtirildi. Ammo 1987 yilga kelib, bu mablagʻ 630 million dollarni tashkil etdi. Ushbu mablagʻlar, asosan, Pokiston orqali mujohidlarga qurol-yarogʻ, texnika va oʻquv kurslari sifatida yetkazildi. Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlar ham AQSh bilan yelkadosh boʻlib moliyaviy yordam koʻrsatdi. Barcha xarajatlar taxminan 3 milliard dollarni tashkil qildi.

Afgʻon tuzogʻi: Bjezinskiyning “mahorati”

AQShning 1977-1981 yillardagi 39-prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik maslahatchisi Zbignev Bjezinskiy bu strategiyaning koʻzga koʻrinmas sahnalashtiruvchisi boʻlgan. U keyinroq, 1998 yilda fransuz nashri Le Nouvel Observateur jurnalistlariga bergan intervyusida gʻurur bilan shunday degan edi:

“Biz ruslarni aralashishga majbur qilmadik, ammo ular shunday qiladigan ehtimolni ataylab oshirdik... Maxfiy operatsiya ajoyib gʻoya edi. Natijada sovet ittifoqini afgʻon tuzogʻiga ilintirgandik... Va oqibatda ularning oʻz “Vetnam urushi” yuzaga keldi”.

Sovet tanklari Afgʻoniston chegarasini bosib oʻtgan paytda, Bjezinskiy prezident Karterga “Sovet ittifoqi oʻzining Vetnamini topdi” deb xushxabar yetkazgan.

Bjezinskiy oʻzining “Qanday qilib Jimmi Karter va men mujohidlarni boshlab yubordik” (How Jimmy Carter and I Started the Mujahideen) va “Men buni yana qilaman” (I'd Do It Again) sarlavhalaridagi intervyularida MRBning afgʻon mujohidlarini tayyorlashdagi bevosita rolini ochiq tan olgan.

Prezident Jimmi Karterning qarori

1979 yil 3 iyulda AQSh prezidenti Jimmi Karter Afgʻonistondagi antikommunistik kuchlarni moliyalashtirishni sanksiyalovchi farmonni imzoladi. Sovet qoʻshinlari Afgʻonistonga kiritilib, yanada sovetparast qoʻgʻirchoq-prezident Babrak Karmal tayinlanganidan soʻng, Karter shunday bayonot berdi:

“Afgʻonistonga sovet ittifoqining bosqini ikkinchi jahon urushi davridan beri tinchlikka tahdid soluvchi eng katta xavf hisoblanadi”.

Dastur, asosan, Pokiston razvedka xizmati(ISI)dan vositachi sifatida foydalangan – mablagʻ ajratish, qurol bilan taʼminlash va afgʻon muxolifat kuchlarini oʻqitish ishlari ISI orqali amalga oshirilgan. Bundan tashqari, bu harakatda Britaniyaning MI-6 va Maxsus havo xizmati (SAS), Saudiya Arabistoni va Xitoyning oʻxshash dasturlari ham moliyaviy yordam koʻrsatgan.

ISI 1978 yildan 1992 yilgacha boʻlgan davrda 100 000 dan ortiq partizan jangarilarini qurollantirish va tayyorlash bilan shugʻullangan. Ular shuningdek, arab davlatlaridan ixtiyoriy ravishda kelgan shaxslarni Afgʻonistondagi qurolli guruhlarga jalb qilish va sovet qoʻshinlariga qarshi kurashish uchun yollashni ham oʻz zimmasiga olgan.

AQSh Pokistonni sovet qoʻshinlariga qarshi urushda qoʻllab-quvvatlash maqsadida ikki marotaba iqtisodiy yordam va harbiy shartnomalar boʻyicha transhlar ajratgan. Birinchi olti yillik transh (1981-1987) 3,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan boʻlib, iqtisodiy yordam va harbiy shartnomalar oʻrtasida teng taqsimlangan. Bundan tashqari, 1983-1987 yillarda Pokiston AQShdan 40 ta F-16 harbiy samolyotini 1,2 milliard dollarga sotib olgan. Ikkinchi olti yillik transh (1987-1993) esa 4,2 milliard dollarni tashkil etgan. Bu mablagʻning 2,28 milliard dollari grant yoki 2-3% past foizli qarz shaklida iqtisodiy yordam sifatida ajratilgan, qolgan 1,74 milliard dollar esa harbiy xaridlar uchun kredit sifatida berilgan.

Shuningdek, Afgʻoniston urushi uchun Pokistonga amerikalik boʻlmagan qurollarni yetkazib berishda Isroil ham faol ishtirok etgan. Shu yoʻl bilan mamlakatga afgʻon mujohidlarini tayyorlash va ularni turli qurol-yarogʻlar, jumladan, koʻchma “Stinger” raketa-zenit majmualari bilan taʼminlash uchun taxminan 3 milliarddan 20 milliard dollargacha mablagʻ ajratilgan.

Yildan-yilga dastur moliyalashuvi ortib bordi, bu jarayonda AQSh siyosatchilari va davlat amaldorlari, xususan, kongressmenlar Charlz Uilson va Gordon Xamfri, MRB direktori Uilyam Keysi va mudofaa vazirining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Fred Aykl faol qoʻllab-quvvatlagan.

Natija va...

1979 yil dekabrida sovet qoʻshinlari Afgʻonistonga kirgandan soʻng, AQSh siyosatchilari sovet ittifoqi janubiy chegaralarini kengaytirish va mintaqada mustahkam oʻrnashishga urinayotganini taxmin qilishdi. Bu janubiy ekspansiya, ularning fikriga koʻra, keyinchalik Pokistonga va gʻarbda Eronga taʼsir qilishi mumkin edi.

Ham respublikachi, ham demokrat siyosatchilar AQShning Afgʻonistondagi faol ishtirokidan bexabar edilar va sovet ittifoqi Yaqin Sharq neft zaxiralari ustidan nazorat oʻrnatishni maqsad qilganidan xavotirda edilar. Boshqa tahlilchilar esa sovet ittifoqi Eron islom inqilobi va Afgʻonistondagi islomlashuvning SSSRdagi millionlab musulmonlarga taʼsir oʻtkazishining oldini olishga harakat qilganini taʼkidlashdi.

Sovetlar Afgʻonistonga bostirib kirganidan soʻng Karter “Karter doktrinasi” nomini olgan bayonot berdi: “AQSh Arabiston yarim orolini hech qanday tashqi kuchning nazoratiga berib qoʻymaydi”.

Sovet qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqarilganidan soʻng (1989 yil), AQSh Afgʻonistonga boʻlgan qiziqishini yoʻqotdi. Afgʻon muqovimat (qarshilik) harakati yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor va uning Afgʻoniston Islomiy partiyasiga ajratilayotgan moliyaviy yordam darhol toʻxtatildi. Shuningdek, Pokistondagi afgʻon qochqinlariga koʻrsatilayotgan yordam miqdori ham qisqartirildi.

1990 yil oktabrida AQSh prezidenti katta Jorj Bush Pokistonda yadroviy qurol mavjud emasligini tan olmaslikka qaror qildi va shu tariqa, Kongressning 1985 yilda qabul qilgan Pressler tuzatishi asosida Pokistonga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu qaror 1987 yilda berilgan ikkinchi transh boʻyicha majburiyatlarni bekor qildi va iqtisodiy yordam hamda harbiy taʼminotni toʻxtatdi (faqat avvaldan ajratilgan iqtisodiy yordam bundan mustasno). Shuningdek, Pokiston harbiy mutaxassislarining tayyorgarlik dasturlari ham bekor qilindi va AQShda stajirovka oʻtayotgan baʼzi pokistonlik ofitserlar vatanlariga qaytarildi.

Tanqidiy qarashlar

Amerika hukumati bu amaliyot ortidan tanqidga ham uchragan. Chunki AQSh Pokistonga Afgʻonistondagi partizanlar yetakchisi – “Afgʻoniston islomiy partiyasi” rahbari Gulbiddin Hikmatyorga nisbatan haddan tashqari koʻp miqdorda yordam yoʻnaltirishga yoʻl qoʻygan edi. Pokiston rahbariyati uni oʻzining ittifoqchisi deb bilgan. Hikmatyor boshqa mujohidlarni oʻldirgani va tinch aholiga, jumladan, Amerika qurollari yordamida Kobulni artilleriya oʻqi ostiga olgani uchun (buning oqibatida 2000 kishi halok boʻlgan) qattiq tanqid qilingan. U Usoma bin Lodin – “Al-Qoida” asoschisi bilan doʻstona munosabatda boʻlgani haqida ham xabarlar tarqalgan. Bin Lodin Afgʻonistondagi “afgʻonistonlik arab koʻngillilar” uchun yordam dasturi – “Maktab al-Xadamat”ni boshqargan edi. Hikmatyorning xatti-harakatidan xavotirlangan Pokiston yetakchisi general Ziyo-ul-Haq Hikmatyorni “Pokiston seni afgʻonlarga rahbar qildi, agar oʻzingni yomon tutishda davom etsang, Pokiston seni yoʻq qilishi ham mumkin”.

1980-yillarning oxirida Pokiston Bosh vaziri Benazir Bhutto islomchilar harakatining haddan ortiq kuchayganidan xavotirlanib, AQSh prezidenti Jorj Bushga qarata “Siz Frankenshteyn yaratyapsiz” degani ham tarixda qolgan.

Adam Dolnikning yozishicha, Usoma bin Lodin afgʻon mujohidlariga yordam dasturi doirasida AQSh vakillari bilan hamkorlik qilgani haqida maʼlumotlar mavjud. Turli baholarga koʻra, bu urushda 43 ta islomiy davlatdan taxminan 35 000 nafar xorijlik musulmon ishtirok etgan va ularning koʻpchiligi keyinchalik “Al-Qoida”ning terroristik faoliyatida qatnashgan.

Biroq AQSh rasmiylari barcha moliyaviy yordam mahalliy afgʻon qoʻzgʻolonchilariga yoʻnaltirilganini taʼkidlaydilar va ularning mablagʻlari Usoma bin Lodin yoki boshqa xorijlik arab mujohidlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatilganini rad etadilar. Britaniyalik islomiy ekstremizm boʻyicha ekspert Jeyson Berkning yozishicha, mablagʻlar asosan Gulbiddin Hikmatyorga berilgan, Usoma bin Lodin esa oʻsha paytlarda jiddiy kuch hisoblanmagan. Usomaning guruhi atigi oʻnlab odamlardan iborat boʻlib, boshqa islomiy tashkilotlarga, jumladan, “Misr islomiy jihodi”ga katta darajada bogʻliq boʻlgan.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, “Siklon” amaliyoti Afgʻoniston urushi davrida global siyosat manzarasini oʻzgartirgan eng muhim maxfiy operatsiyalardan biri boʻldi. AQShning mujohidlarga moliyaviy va harbiy koʻmak koʻrsatishi sovet ittifoqini zaiflashtirish va uning Janubiy Osiyodagi taʼsirini cheklashda strategik muvaffaqiyat sifatida baholangan boʻlsa-da, bu amaliyotning uzoq muddatli oqibatlari dunyo uchun yanada jiddiy tahdidlar keltirib chiqardi. Afgʻonistonda oʻqitilgan va qurollantirilgan kuchlar keyinchalik mintaqada va butun dunyoda yangi mojarolar va terrorchilik harakatlariga zamin tayyorladi. Avval Usoma bin Lodin va “Al-Qoida”, keyin esa “Tolibon” kabi jangari guruhlar paydo boʻlishiga sabab boʻldi.

“Siklon” orqali qoʻlga kiritilgan qisqa muddatli geosiyosiy gʻalaba, afsuski, noustuvor barqarorlik, murakkab xavfsizlik muammolari va yangi global tahdidlar uchun zamin hozirladi. Ushbu amaliyot tarixi xalqaro siyosatda qisqa manfaat uchun amalga oshirilgan qarorlarning uzoq muddatli oqibatlarini chuqur oʻrganish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid