AQSh Mudofaa vazirligi sobiq rasmiysi Pokiston boʻyicha keskin bayonot berdi
U Kashmirdagi teraktni 2023 yil 7 oktabrdagi HAMAS hujumiga tenglashtirgan.

Pokistonning terroristik harakatlariga, huddi Isroil Gʻazoda nuqta qoʻygani kabi, nuqta qoʻyadigan vaqt keldi, deya fikr bildirdi AQSh Mudofaa vazirligi sobiq rasmiylaridan biri.
Sobiq Mudofaa vazirligi rasmiysi Maykl Rubin AQShni Pokistonni terrorizmning homiysi deb eʼtirof etishga daʼvat etdi. U Pokiston armiyasi bosh qoʻmondoni Asim Munir va Osama bin Ladenni bir xil deb hisoblab, har ikkalasi ham terrorizmni qoʻllab-quvvatlaydi, deya bayonot berdi.
“Bu huddi 2023 yil 7 oktabrda HAMAS Isroilga hujum qilib, natijada begunoh insonlar halok boʻlgan voqealarga oʻxshaydi. Ular orasida urushga qarshi chiqqan va Gʻazo sektorida tinchlik oʻrnatilishini istagan liberal shaxslar ham bor edi".
"Pokistonliklar ham ayni damda xuddi shunday ish qilmoqdalar. Biroq, ularning harakati HAMASniki kabi muvaffaqiyatli boʻlishini oldini olish zarur” — deya qoʻshimcha qildi u.
22 aprel kuni Jammu va Kashmir hududlarida terakt yuz berdi va natijada kamida 26 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgani aytilmoqda. Bu, 2019 yildagi Pulvama halokatidan keyingi eng koʻp talofat bergan hodisa boʻldi. Qirgʻin Baysaran yaylovida, Pahalgamdan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan hududda sodir boʻlgan.
Hindiston qurolli kuchlari askarlari kiyimini kiygan terrorchilar turistlarga pistirmadan hujum qilishgan. Tirik qolganlar tushdan keyin tinch dam olayotgan paytda birdan bu osoyishtalik qirgʻinga aylanganini aytib berishgan.
Maykl Rubin Hindistonga bunga qarshi chora koʻrishga daʼvat qilmoqda va Isroil HAMAS hujumidan soʻng qanday choralar koʻrgan boʻlsa, Hindiston ham xuddi shunday javob qaytarishi lozimligini taʼkidlamoqda.
“Pokiston harbiy razvedka xizmatining yetakchiligiga nuqta qoʻyadigan vaqt keldi. Ularga xuddi terroristik guruhlar kabi munosabatda boʻlish kerak. Hindistonni oʻziga ittifoqchi deb biladigan har qanday davlat, agar u oʻzini dunyodagi eng keng miqyosda rivojlangan demokratiya tarafdori deb hisoblaydigan boʻlsa, Pokistonga ham xuddi shunday munosabatda boʻlishi lozim,” — dedi Rubin.
“Biz bilamizki, Pokiston terroristik guruhlarga, jumladan, "Lashkar-e-Taiba" guruhiga uy boʻlib kelgan. Pokistonlik diplomatlar esa Gʻarbni aldab kelmoqda. Buning natijasida muammo faqat Pokistonda emas, balki Bangladeshda ham avj olmoqda,” — deya fikr bildirdi u.
Eslatib oʻtamiz, 22 aprel kuni Kashmirda dahshatli otishma sodir boʻldi va bu Hindiston hamda Pokiston oʻrtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashishiga olib kelmoqda.