platina.uz

Papa Fransisk: islohotchimi yoki bidʼatchi?

Qoʻlyozma manbalarda aytilishicha, 112-Papa (ayni vaziyatda Fransisk) oʻlganidan keyin qiyomat alomatlari boshlanadi, Vatikan vayron boʻladi, butun dunyoda falokat hamda fojialar yuz beradi, keyin esa Iso Masih ikkinchi marta Yer yuziga tushadi.

Jahon
6 kun avval, 15:33
Papa Fransisk: islohotchimi yoki bidʼatchi?
Fotokollaj: Platina.uz

Buenos-Ayresdan Vatikangacha

2025 yil 21 aprel kuni, Pasxa bayramidan keyingi birinchi kunda Rim Papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi.

Rip papasi Fransiskning haqiqiy ismi Xorxe Mario Bergolo boʻlgan. U 1936 yil 17 dekabrda Argentina poytaxti Buenos-Ayresda tugʻilgan. Uning ota-onasi Italiyadan Argentinaga koʻchib kelgan muhojirlar boʻlib, Papa Fransiskning ilk hayot tajribasi aynan muhojirlik va kamtarlik muhitida shakllangan.

Yosh Xorxe kimyoviy muhandislikni oʻrgangan, ammo keyinroq diniy hayot tarzini tanlab, iyezuitlar ordeniga qoʻshilgan. U 1969 yilda ruhoniylikka kirdi, keyin esa Argentinadagi iyezuitlar rahbari sifatida faoliyat yuritdi. 1998 yilda Xorxeni Buenos-Ayres arxiyepiskopi etib tayinlashdi, 2001 yilda esa u Kardinal darajasiga koʻtarildi.

Papa Fransisk – birinchi lotin amerikalik Papa

Avvalgi Papa Benedikt XVI salomatligi tufayli isteʼfoga chiqqanidan soʻng, 2013 yil 13 mart kuni Fransisk katolik cherkovi tarixidagi birinchi lotin amerikalik va birinchi iyezuit Rip Papasi sifatida tanlandi. Bu tanlov katolik dunyosi uchun katta burilish nuqtasi boʻldi.

Papa Fransisk ushbu martabaga erishganidan keyingi birinchi nutqidayoq oʻzini “kamtar xizmatkor” deb eʼlon qildi. U ittifoq, ochiqlik va shafqatni asosiy qadriyatlar qilib oldi.

Islohotchilik mohiyati

Fransisk Papa sifatida koʻplab islohotlar oʻtkazdi: Vatikanda moliyaviy shaffoflik, cherkovdagi jinsiy zoʻravonlik holatlariga qarshi qatʼiy choralar, muhojirlar, kambagʻallar va ekologik muammolarga eʼtibor shular jumlasidandir.

U dunyo yetakchilarini muntazam tinchlikka chaqirdi, Ukrainadagi urushni zudlik bilan toʻxtatishga daʼvat qildi, Falastin-Isroil mojarosi, xususan, Gʻazo sektoridagi vaziyatga doir xolis bayonotlar bilan chiqqan. Uning ilmiy-texnikaviy rivojlanish, sunʼiy intellekt va iqlim oʻzgarishiga munosabati ham oʻzgaruvchan dunyoda cherkov pozitsiyasini qayta shakllantirdi.

Toʻri, uning diniy va maʼrifiy faoliyati hammaga ham yoqmadi. Konservativ kardinallar uning fatvolarini “ortiqcha liberallik” deb atadilar. Lekin Fransisk bu tanqidlardan qoʻrqmadi – balki ularni ruhiy jasorat bilan qarshi oldi.

Salomatlik, kasallik va oʻlim

Papa Fransisk soʻnggi yillarda sogʻligʻi bilan bogʻliq jiddiy muammolarga duch keldi. U ikki tomonlama oʻpka zotiljami sababli 2025 yil yanvaridan 38 kun mobaynida Rimdagi “Gemelli” shifoxonasiga yotqizildi. Papa 23 fevralda birinchi marta xalqqa koʻrinish berdi, ammo bu aslida vidolashuv muloqoti boʻlib tarixda qoldi. 21 aprel kuni Vatikan uning vafotini rasman eʼlon qildi.

Endi nima boʻladi, Yangi Papa qanday saylanadi?

Papa Fransiskning oʻlimi bilan cherkovda “Sede Vacante”, yaʼni “boʻsh taxt” holati yuzaga keldi. Bu davrda Vatikan davlat kotibi va kardinallar kollegiyasi davlat ishlarini yuritadi.

Papaning vafoti Vatikanda 9 kunlik motamni boshlaydi. Bu muddat davomida “interregnum”, yaʼni Papasiz qolgan payt amalda boʻladi.

Yangi Papani faqat Konklav – maxfiy ovoz berish jarayoni tayinlaydi. Bu majlisda 80 yoshdan kichik boʻlgan barcha kardinallar ishtirok etadi. Ular Sikstin kapellasida yopiq eshiklar ortida ovoz berish orqali yangi Papani tanlashadi. Bu jarayon bir necha kunga choʻzilishi ham mumkin.

Agar, barcha kardinallarning roziligi olinib, Yangi Papaning nomzodi tasdiqlansa, xalqqa Papa tanlangani haqida ishora beriladi – ovoz berish jarayonidan keyin kapella pechkasi moʻrisidan tepaga oq tutun oʻrlaydi. Agar saylovda yakdillikka erishilmasa, moʻridan qora tutun chiqarishadi.

Oxirgi Papa haqidagi afsona

Oʻrta asrlardagi bir nechta manbalarda “oxirgi Papa” haqida afsona mavjud. Ulardan eng mashhuri – “Sent-Malaxiyaning bashoratlari”dir. Bu asarda Fransisk “Petrus Romanus” deb atalgan soʻnggi Papa sifatida tilga olinadi. Qoʻlyozma manbalarda aytilishicha, 112-Papa (ayni vaziyatda Fransisk) oʻlganidan keyin qiyomat alomatlari boshlanadi, Vatikan vayron boʻladi, butun dunyoda falokat hamda fojialar yuz beradi, keyin esa Iso Masih ikkinchi marta Yer yuziga tushadi.

Aytish joiz, nafaqat ilm-fan, balki katolik cherkovining oʻzi ham bu manbani tan olmaydi, undagi bashoratlarini rad etadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda va xalq orasida “Rim Papasi Fransiskning oʻlimi – rostan ham qiyomat alomatimi?” degan savollar tobora koʻpaymoqda.

Fransiskning maʼnaviy merosi

Papa Fransisk oʻz zamonasining islohotchisi, adolat va shafqat elchisi sifatida tarixga kirdi. U umrini nafaqat cherkov, balki butun insoniyat uchun global va maʼnaviy muammolarga javob izlashga sarfladi.

Muhimi, Fransisk cherkov tarixidagi eng “insoniy” Papa sifatida esda qoladi: u islom va xristianlikni yaqinlashtirishga harakat qildi, hukumatlarni sovuq yurak emas, qaynoq qalb bilan hukm qilishga chaqirdi, u inson boʻlishning qadriga qayta taʼrif berdi. Undan ulkan maʼnaviy meros va xotiralar qoldi. Endi esa katoliklar olami qaygʻu va umid bilan yangi Rim Papasi saylanishini kutishmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+