platina.uz
Sport

Prezident chempion oʻsmirlarni tabrikladi

"Noyabr oyida Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ham Osiyoning gʻolib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman", deya taʼkidladi prezident.

Prezident chempion oʻsmirlarni tabrikladi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yoshlilar oʻrtasida Osiyo kubogida gʻolib chiqqan terma jamoa vakillariga tabrik yoʻlladi.

"Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi gʻoyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, oʻn bir oʻyinchiga qarshi toʻqqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi boʻldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.

Musobaqa yakuniga koʻra, uch nafar isteʼdodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi boʻlgani, jumladan, Neʼmatulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi toʻpurari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida eʼtirof etilganini ham alohida taʼkidlash lozim.

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi Oʻzbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini koʻradi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi", deyiladi tabrikda.

"Sizlar ushbu gʻalabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ham Osiyoning gʻolib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman", deya taʼkidlagan prezident.

Eslatib oʻtamiz, kechagi finalda 9 kishilik terma Saudiya ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozondi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid