Oʻzbek kinosida uzoq “uyqu”dan soʻng katta premera: “Chimildiq” filmi
Byudjetdan bir soʻm ham ishlatilmay, xususiy tashkilotlar tomonidan suratga olingan, kinoteatrlarga yangidan “jon” kiritayotgan va xorij davlatlarining katta ekranlarini zabt etayotgan “Chimildiq” filmining ochiq premerasi boʻlib oʻtdi.

19 aprel kuni Toshkent shahridagi Tashkent City Mall savdo markazining Cinematica kinoteatrida media va jamoatchilik vakillari uchun yangi badiiy film – “Chimildiq” superkomediyasining premerasi oʻtkazildi.
Premeraga Oʻzbekistondagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik faollari, blogerlar va boshqa taniqli shaxslar, shuningdek, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tashrif buyurdi.
Ushbu film insoniy munosabatlar va qadriyatlar, turli sinovlarni boshdan kechirgan personajlar hayoti haqida hikoya qilib, oʻzbek kinematografiyasining yangi yutuqlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Mavzuga doir: “Chimildiq” filmi – oʻzbek kino sanoatidagi yangi nafas
Quvonarlisi, filmga byudjet mablagʻlari ishlatilmagan, toʻliq xususiy tashkilotlar tomonidan suratga olingan boʻlib, nafaqat Oʻzbekiston, balki xorij davlatlarini, xususan, Qozogʻiston va Ozarbayjonning eng katta kinoteatrlarini zabt etmoqda.
Mavzuga doir: “Chimildiq” filmi Ozarbayjonni ham zabt etdi
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu filmni barcha sogʻinadigan nostalgiya davrlardagiday, yuqori saviya, mustahkam ssenariy va yuqori aktyorlik mahorati bilan yoʻgʻrilgan haqiqiy oʻzbek kinosi, deyish mumkin.
Premeradan soʻng film haqida ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan fikrlar
Jurnalist Hamza Jumayev:
Bir kinoda jamiyatdagi oʻnlab muammolar komediyaga oʻrab olib chiqilgan. Oʻrinsiz rashk, karera deb bola tugʻishni istamaslik, oilada erkakning roli, nikohdan moddiy manfaat koʻzlash, kimoʻzarga dabdaba qilish, noshukurlik, yoshlarning oilaga tayyorligi kabi koʻplab savollarni qoʻygan ijodkorlar. Boshidan oxirigacha oʻz holimizga qah-qah otib kulib oʻtirdik...
Kino juda yoshlarbop. Aql oʻrgatmaydi, falsafa soʻqimaydi. Koʻrsatadi, xulosani oʻzingizga qoldiradi.
“Profi” taʼlim klasteri asoschisi Bektosh Hotamov:
“Chimildiq” filmi oʻziga xos ijtimoiy muammoni komediya janrida olib chiqa olibdi, chimildiqning oʻrni filmda ramziy maʼnoga egadir, ammo u kuchli ijtimoiy yuk - oila atalmish muqaddas ijtimoiy birlikning yengil-yelpi qarashlar tufayli barbod boʻlishini ochib bergan.
Albatta, filmni tomosha qiling, ham kulasiz, ham yigʻlaysiz, ham kerakli joyida oʻyga tolasiz.
Bloger Mirsaid Haydarov:
Hozir oila buzilishi oson boʻlib ketgan. Arzimas sabablar, maishiy muammolar, kelishmovchilik tufayli yosh oilalarga darz ketyapti. Mana shu masalani kino shaklida olib chiqishibdi. Yoshlarbop boʻlishi uchun komediya janri tanlagan deb oʻylayman. Chunki shu orqali yoshlarga oila, chimildiq muqaddas ekanligini yetkazish mumkin. Filmda shu detallarni ochib berishga harakat qilingan.
Darvoqe, ushbu filmning premerasiga Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning tashrif buyurishi, yosh oilalarni arzimas sabablar bilan ajralib ketishlarining oldini olish davlat siyosati darajasida ekanligini koʻrsatadi.
Jurnalist Laylo Rustamova:
Bugun yosh oilalardagi ajrim muammosini koʻtargan “Chimildiq” superkomediya filmi premerasida boʻldim. Janr komediya boʻlishiga qaramay, mavzu juda jiddiy. Har bir hazil ortida tanish voqealar, dardli kulgilar bor.
Internetdagi oʻtgan yilgi statistikani qarasam, Oʻzbekistonda har uchinchi nikoh ajrashish bilan tugagan ekan. Bu — hayotimizdagi real ogʻriqli fakt.
Men ham bir vaqtlar bunday jarayonni boshimdan kechirgan inson sifatida bugungi filmni boshqacha koʻz bilan tomosha qildim… qahramonlarning kechinmalarini his qildim…
Shu oʻrinda bu filmni barchaga — ayniqsa, munosabatlarda qiyin davrni boshdan kechirayotganlarga koʻrishni tavsiya qilaman.
Maʼlumot uchun, filmda asosiy rollarni aktyorlar Dadaxon Obidov, Sitora Alimjonova, Muhammadiso Abdulxairov, Xosiyat Husanova, Tolib Moʻminov, Muyassar Berdiqulova, Dilshodbek Kattabekov, Zuhra Soliyeva, Said Muxtorov, Bobur Aytbaganbetov, Mohlaroy Sobirova, Bobur Pirmatov, Aziza Abdullayeva, Karomat Isamova, Nurjahon Haydarova, Zarina Yoʻldosheva mahorat bilan ijro etishgan.