platina.uz
Maqola

"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz

Oʻz vazifasidan boshqa hamma ishni qilib koʻrayotgan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi haqida barcha haqiqatlar.

"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz
Fotokollaj: Platina.uz

Zabardast yozuvchimiz Abdulla Qahhor kuyunib gapirgan: "Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarf qilish kerak emas".

Soʻzni bekorga adabiyotdan boshlamadik. Millatni millat sifatida shakllantiradigan, uni dunyoga mafkuraviy jihatdan tanitishga xizmat qiladigan soha adabiyotdir. Buni isbotlash qiyin emas.

Buyuk tariximiz bilan faxrlanamiz, yetuk allomalar, shoiru yozuvchilarimizni jahon tan olgan, oʻqib-oʻrganishda hamon davom etyapti. Mana shuning oʻzi millatni adabiyotchalik tan oldiradigan (tanitadigan emas) yoʻnalish yoʻqligini anglatadi.

Bundan bir asr oldin hali yigirmaga ham kirmagan Choʻlpon buni yaxshi tushuntirib bergan:

"Hech toʻxtamasdan harakat qilub turgʻon vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur boʻlsa, maishat (tirikchilik) yoʻlida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur. Muni inkor qilib boʻlmas. Inkor qilgʻon millat oʻzini inqirozda ekanun bildirur".

Bizda millat, milliy mafkura uchun kurashishi kerak boʻlgan, uning asoslarini ishlab chiqadigan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bor. Ammo ular oʻz vazifasidan yiroqda, umuman boshqa narsalar, asosan vaqtini havoyi piarlarga sarflash bilan ovora, deyish mumkin.

Keling, ular ayni paytda nimalar bilan mashgʻul ekanini qarab chiqsak. Albatta, yangiliklarni doimiy kuzatmaydigan yoki instagram dunyosidan boʻshamaydigan yoshlar ular haqida deyarli bilmaydi. Qishloqdagilar esa oʻz tashvishlari, tirikchiligi bilan band.


Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi


Yaxshi, kunlik xabarlarni oʻqib turuvchi qatlam markaz haqida biladimi? Bilishi mumkin, lekin vazifalari, nima ishlar qilayotganidan bexabar. Chunki saytida bu haqda aytarli hech nima yoʻq. Saytida soʻnggi yangilik qoʻyilganigayam salkam bir oy boʻlib ketgan.

10 ming atrofida obunachisi bor Telegram kanali esa asosan rahbarining 30 minglik obunachiga ega kanalini reklama qiladi. Saytida markazning maqsad-vazifalari joylanmagan, bir yil oldin joylangan targʻibot materiallari boshqa mavzularda. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haminqadar, goʻyo nomiga yuritilayotgandek.

Lekin boshqa onlayn platformalar yaratishga pul sarflashni biladi. Markazga har yili millirdlab pullar ajratiladi. Har yili mablagʻ miqdori oshib boryapti. Masalan, 2023 yilda 65,7 mlrd, 2024 yilda 67,8 mlrd soʻm berilgan boʻlsa, bu yilga 75,4 mlrd soʻm ajratilgan.

Oʻz saytini qoʻya turing, qadriyatim.uz, tanlov.manaviyat.uz saytlari va mobil ilovalarini yaratish uchun avvaliga 127 mln, keyinchalik 1,2 mlrd soʻm sarflagan. Afsuski, bu saytlar hozir ham faol holatda emas, ishlamaydi. Pullar qayerga ketgani nomaʼlum.

Markaz multfilmlar ishlab chiqaryapti, kitoblar chop etyapti va hududlarda turli loyihalar qilyapti. Masalan, 2024 yilda animatsion media-mahsulot va videorolik yaratish uchun Astir animation studio MChJga 639 mln soʻm toʻlagan. "Maʼrifat marafoni"ni oʻtkazishga 449 mln, "Kitoblararo 80 kun" loyihasiga 257 mln soʻm ishlatilgan.

Butun boshli videostudiya (PAK JALINGA MAESTRA 4K Komplektatsiya OR) qurish uchun 1,9 mlrd soʻm ajratilgan. "Men ham harbiy boʻlaman" kitob-albomini sovgʻaga berish uchun jami 516 mln, "Yangi Oʻzbekistonning fidoyisi boʻlib, maʼnaviyat targʻibotchisiga aylanamiz" kitobiga 82 mln, "Nisbatlar haqida" risolaga 18,8 mln va "Beruniy. Saydana" asariga 47 mln soʻm berilgan.

Toʻgʻri, balki bu ishlar ham kerakdir. Turli tadbirlar, targʻibotlar, oʻzini piar qilish, yoʻq saytlarga pul sarflash kabi yumushlar oʻz yoʻliga. Biroq markazning aniq vazifasi bor aslida. U millatni yuksaltiradigan gʻoyalarni, mafkuralarni ishlab chiqib, dunyoga tanitish bilan mashgʻul boʻlishi lozim.

Bu haqda taniqli yozuvchi Nabi Jaloliddin haq gapni aytgan:

“Milliy mafkura deb gapiriladiyu, aslida shu yoʻq narsa. Milliy mafkura boʻlishi kerak, buning asosida milliy gʻurur turishi kerak. Qaysi soha, qaysi holatda boʻlmasin, oʻzbekni haqorat qilishga, pastga urishga yoʻl ochib beradigan odamlarni javobgarlikka tortadigan, uyaltirib qoʻyadigan, yuziga qora chaplaydigan mafkura boʻlishi kerak”.

Mana shu tamoyil markazning haqqoniy, avlodlar oldidagi masʼuliyatli vazifasi va burchi aslida. Ularga millat kelajagi ishonib topshirilgan, ular shuning uchun tashkil etilgan. Millatning dovini koʻtaradigan milliy mafkurani oʻylab, ishlab chiqib, shu haqda bosh qotirishdan boʻlak ishi boʻlmasligi lozim ularning!

Viloyatma-viloyat yurib, yoshlarga konsert qoʻyib, ikki ogʻiz gapirgan bilan mardlik va jasorat singdirilmaydi. Qanaqadir yangicha yondashuv, yangicha islohot, yangicha fikrlash zarur bu yerda!

Biz bilmaymiz, biz u yerda ishlamaymiz, bunga javobgar emasmiz. Markaz shu maqsadda tuzilgan ekanmi, demak, yaxshigina bosh qotirishi lozim. Biz yoʻnalish aytishimiz mumkin xolos: millat ruhini, dovini koʻtarish kerak.

Instagramda oʻtiradigan avlodga instagramni bloklash bilan tahdid qilish shartmas, uni kerakli kontent bilan toʻldirish imkoni ham bor.

Er-yigitlarda mardlik va jasorat ruhini yana qayta jonlantiradigan loyihalar judayam zarur. Prezidentning oʻzi dunyodagi notinchlikdan xavotirda, nega endi biz bir zumga buni unutishimiz kerak?! Xudo koʻrsatmasin, bilib boʻlmaydi!

Yoshlarni kitobga qiziqtirishning boshqa samarali yoʻllari ham bor. Aslida kitobni hamma oʻzi uchun, mukammal inson, birovga tobe boʻlmaydigan mustaqil kishi boʻlish uchun mutolaa qilishi kerak. Shu yoʻnalishda loyiha oʻylash mumkin, agar ja kitobxonlikni targʻib qilishni istasangiz.

Masalan, men bolaligimdan kitobdan boshimni koʻtarmaganman, birov bir soʻm bermagan. Toʻgʻri, u paytda internet va telefon balosi yoʻq edi. Balki bu bizning omadimizdir. Lekin internet zamonida, axborot asrida kitob va gazeta oʻqib yurgan ziyolilar bor, judayam koʻp. Bizdamas, xorijda. Kitoblar qoʻlma-qoʻl sotilib, bestsellerga aylanadi.

Maʼnaviyat va maʼrifat markazining asl vazifasi va ishi shunday. Ular millatimizni jahon darajasida yuksaltirishi, koʻklarga koʻtarishi, ziyoli qatlamga aylantirishi va buni dunyo darajasida tan oldirishi lozim. Ana oʻshanda Uygʻonish davri oʻz-oʻzidan kelaveradi. Avvalo millatni uygʻotib olish kerak.

Bu mavzuga, markaz loyihalarini birma-bir koʻrib chiqishga yana qaytamiz.

Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid