platina.uz
Jamiyat

UzTest yana mojaro markaziga aylandi

Bloger markazda avtomobillar qanday tekshirilishi haqidagi videoni eʼlon qildi, jamoatchilik oyoqqa turdi. UzTest esa rad etmoqda.

UzTest yana mojaro markaziga aylandi

Autodeklarant loyihasi Piskent avtopoligonida elektromobillar qanday tekshirilishi haqida videolavha eʼlon qildi. Videoda ichkarida hech nima tekshirilmasligi, vaqt oʻtkazib chiqarib yuborilishi aks etgan. Lekin ayrim avtomobillar tekshiruvdan oʻtkazilishini ham taʼkidlagan.

Ushbu holat jamoatchilikda yana norozilik keltirib chiqardi. Bir qator bloger va tarmoq faollari UzTest markazining faoliyati ochiqlanmasligi, shaffof emasligidan noroziligini bildirdi.

"Endi yoqimsiz savollarga javob berish, ish uslubini mijozbay oʻzgartirish (axir mijozlarga tekinga xizmat koʻrsatilayotgani yoʻq, otning kallasidek pul toʻlayapti), agentlik faoliyatini tubdan isloh qilish, UzTest boʻysinuvini boshqa bogʻlanmagan davlat organiga oʻtkazish oʻrniga, shikoyat qilganlarni tekshirish soʻralmoqda. Bu qanaqadir yangi syur", deb yozgan taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov.

UzTest markazi esa videodagi holatlarni inkor qilib, 2024 yil noyabrdagi kadrlar ekanini, hozir unday emasligini bildirdi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent poligonida avtomobillarning tekshiruvi bilan bogʻliq asossiz xabarlar tarqalmoqda. Tarmoqlarga sizdirilgan videoda 2024 yilning noyabr oyidagi holat aks etgan boʻlib, u hozirgi tekshiruvlar bilan mutlaqo bogʻliq emasligini maʼlum qilamiz. “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi jamoatchilik fikrini chalgʻitishga qaratilgan mazkur lavhani notoʻgʻri talqin qilgan holda keng jamoatchilikka tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho berilishini maʼlum qiladi", deyiladi rasmiy munosabatda.

Bu mojaro birinchisi emas

UzTest markazidagi muammolar birinchi marta tarmoqlarga tarqalmayapti. Piskentdagi poligonda navbatini kutayotgan mashinalar, necha kunlab qolib ketayotgan ulovlar haqida hozirgacha videolar chiqib turadi.

Shuningdek, yaqinda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Leapmotor C16 avtomobilida aniqlangan “kamchilik” sababli avtomobillarlarni sertifikatlashtirish organlariga Leapmotor rusumli mashinalarni sertifikatlashtirish yuzasidan arizalarni qabul qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida xat yuborgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari va jamoatchilik orasida ushbu holat tanqidiy qabul qilinib, koʻplab munozaralarga sabab boʻlgan. Inspeksiya C16 rusumli avtomobil sinovdan oʻtkazilganda xalqaro standartlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangani, yaʼni belgilangan meʼyordan 16 baravar koʻpligini bildirgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid