Angor tumani hokimiga jarima jazosi qoʻllanildi
U viloyat hokimi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan topshiriqlar ijrosiga eʼtiborsizlik bilan qaragan.

Angor tumani hokimi Qosim Mardonovga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima jazosi belgilandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovning 2025 yil 14 martdagi farmoyishida maʼlum qilingan.
Hokimga "oʻziga yuklatilgan vazifalarning ijrosini belgilangan muddatlarda bajarmaganligi, ish faoliyatini notoʻgʻri tashkil etganligi hamda viloyat hokimi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan topshiriqlar ijrosiga eʼtiborsizlik bilan qaraganligi uchun" jazo qoʻllangan.
Mazkur farmoyishning ijrosini taʼminlash viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari F.Mengliyev zimmasiga yuklangan.
Qosim Mardonov 1975 yil 24 noyabrda Termiz tumanida tugʻilgan. 1997 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi iqtisodchi. 2023 yanvardan buyon Angor tumani hokimi sifatida ishlamoqda.
Eslatib oʻtamiz, avval Andijonda ham bir necha hokimlar ogohlantirilgandi.