Abdulla Aripov xizmat avtomobili sifatida Malibu’dan foydalanayotgani tasdiqlandi
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning Platina.uz’ga tasdiqlashicha, davlat rahbarining topshirigʻidan soʻng Abdulla Aripov mahalliy avtomobildan foydalanishga oʻtgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov 7 mart kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni toʻxtatishni topshirgan.
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning Platina.uz saytiga tasdiqlashicha, amaldorlar bu qoidani 1 apreldan joriy qilishni taklif etgan.
“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni soʻzsiz bajarishimiz shart, muhokamaga oʻrin yoʻq. Menga buni 20 martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yoʻq, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, degan Bosh vazir videoselektorda.
Eslatib oʻtamiz, kecha Abdulla Aripovning oʻzi ham xizmat avtomobili sifatida "Malibu"dan foydalanishga oʻtgani haqida xabar berilgandi.