Mubashshir Ahmad bilan bogʻliq xabarda texnik xatoga yoʻl qoʻyilgani maʼlum qilindi
Aslida unga diniy materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash aybi qoʻyilgan.

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan bloger Alisher Tursunovga nisbatan qidiruv eʼlon qilingani xaqidagi axborotni IIV baʼzasiga kiritish jarayonida texnik xatoga yoʻl qoʻyilgan. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov maʼlum qildi.
Aslida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Taʼkidlanishicha, Alisher Tursunov oʻsha vaqtda Oʻzbekiston hududida boʻlmagani uchun unga nisbatan 2023 yil 24 avgust kuni Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan sirtdan ayb eʼlon qilinib, qidiruvga berilgan va ushlangan taqdirda (qayerda ushlanishidan qatʼiy nazar) "munosib hulq atvorda boʻlish xaqidagi tilxat" ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Avvalroq Mubashshir Ahmadga Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi boʻyicha qidiruvga berilgani aytilgandi.
Maʼlumot oʻrnida, 2023 yil avgustda Azon.uz sayti oʻz faoliyatini toʻxtatgandi. Shundan soʻng, Alisher Tursunov Turkiyaga ketib, oʻsha yerda “Azon Global” portalida ishini davom ettirgan.