Rossiyaning Liviyadagi taʼsiri kuchaymoqda
Harbiy sohadagi bu kabi yordamlarning tagzamirida aslida boshqa, iqtisodiy va yirik neft konlarini nazorat qilish istagi yotibdi.

Suriyada Bashar Asad rejimining agʻdarilishi, Isroilning “Hizbuloh” va Eronga hamda boshqa eronparast shia jangari guruhlariga hujumlari oqibatida Yaqiq Sharqda Eron va Rossiya taʼsiri juda pasayib ketdi.
Lekin Rossiya Afrikadagi taʼsirini saqlab qolmoqda. Hatto kuchaytirishga ham muvaffaq boʻlmoqda. Xususan, Liviyaga moddiy va harbiy yordam koʻrsatib, uni oʻziga ogʻdirib olishga muvaffaq boʻlyapti.
Aslini olganda, Rossiya Afikadagi harbiy mavjudligini ancha yillardan beri kuchaytirib kelmoqda. Biroq ularning aksariyati davlatga tegishli boʻlmagan (aslida esa Kreml nazoratidagi) “Vagner” kabi harbiy kompaniyalar shaklida edi. Bu haqda Platina.uz saytida avvalroq eʼlon qilingan “Qotillik – ularning biznesi yoxud rus jangarilarining Afrika missiyasi haqida” nomli maqolada batafsil yoritilgan.
Liviya bilan siyosiy-harbiy hamkorlik tarixiga ekskurs
Maʼlumki, 2011 yilda Liviya diktatori Muammar Qazzofiy hokimiyatdan agʻdarilganidan soʻng, Liviya siyosiy barqarorlikka erishish uchun uzoq va qiyin yoʻlni bosib oʻtdi, bu esa mamlakatni turli qurolli guruhlar va siyosiy guruhlar oʻrtasida doimiy toʻqnashuv holatida qoldirdi. Soʻnggi yillarda ushbu tartibsizlik sharoitida Rossiya Liviya ishlariga tobora koʻproq aralashib, Liviya milliy armiyasi (LMA) rahbari marshal Xalifa Xaftarni qoʻllab-quvvatlab, mamlakatdagi harbiy va iqtisodiy ishtirokini kengaytirmoqda. Ushbu hamkorlik nafaqat harbiy sohaga taʼsir qiladi, balki Rossiyaga Oʻrta yer dengizi va Shimoliy Afrikada strategik ustunlik beradigan energetika sohasini ham qamrab oladi.
Tarixiy kontekst va oʻtmish bilan parallellik
Liviyaning tashqi kuchlar bilan hamkorligi uzoq tarixga ega. 1970-1980-yillarda Liviya mintaqada SSSRning muhim ittifoqchisi edi. Qazzofiy oʻz kuchini mustahkamlash va Gʻarb taʼsiriga qarshi turish uchun Moskva bilan aloqalardan foydalangan. SSSR Liviyani qurol-yarogʻ bilan taʼminladi, shuningdek, harbiy obʼektlarni qurishga yordam berdi. Sovet ittifoqi parchalanib, Liviyaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin mamlakat siyosiy jihatdan yakkalanib qolgan, Qazzofiy avvaliga boshqa davlatlar, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan aloqa oʻrnatishga harakat qilgan. Biroq, 2011 yilda uning agʻdarilishi va keyinchalik davlat parchalanishidan soʻng, Liviya yana geosiyosiy kurashlar markazida qoldi. Bunday sharoitda Rossiya “mamlakatdagi barqarorlikni faol qoʻllab-quvvatlashini” iddao qila boshladi.
Suriyada hukumat almashgach, yangi maʼmuriyat Rossiya bazalarining mamlakatda qolishini maʼqullamadi. Natijada, ayni kunlarda Rossiya Al-Qamishli, Xmeym, Tartus va Latakiyadagi qoʻshinlari va harbiy texnikasini Liviyadagi harbiy bazalarga koʻchira boshladi.
Rossiyaga topshirilgan harbiy baza
Rossiyaning Liviyadagi mavqeini mustahkamlash yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri – Liviya markazida strategik jihatdan joylashgan Al-Jufra harbiy-dengiz bazasini topshirish toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi boʻldi.
Baza soʻnggi yillarda Liviya milliy armiyasi tomonidan hukumat kuchlariga qarshi kurashda qoʻllanilgan va uning Rossiya armiyasiga oʻtkazilishi endi Moskva uchun mintaqadagi taʼsirini kuchaytirish uchun yangi ufqlarni ochadi.
Joriy yilning 20 yanvarida Liviyaning taniqli harbiy rahbari Xalifa Haftar Afrikadagi Rossiya taʼsirini yanada kuchaytirishga xizmat qiluvchi strategik qadam tashladi. Maʼlum boʻlishicha, Haftar Chad va Sudan chegarasi yaqinida joylashgan Maaten as-Sarra havo bazasini Rossiya kuchlari nazoratiga topshirdi.
Bu qaror Rossiyaning Sahel mintaqasidagi harbiy operatsiyalari uchun muhim logistika markazini tashkil etish maqsadida qabul qilindi. Maaten as-Sarra bazasi oʻtgan asrning 80-yillarida Liviya-Chad urushida faol qoʻllanilgan, ammo bugun u Rossiya kuchlari va Asad rejimi tarafdorlari tomonidan qayta tiklanmoqda.
Hozirda bazadagi modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Uchish-qoʻnish yoʻlaklari va omborxonalar qayta qurilmoqda, bu esa Mali, Burkina-Faso va Sudan kabi mamlakatlarga harbiy yuklar va qoʻshinlarni yetkazish imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Afrikadagi taʼsir doirasini kengaytirish Rossiyaning Suriyadagi harbiy muvaffaqiyatsizliklaridan soʻnggi Kreml yangi strategiyasining bir qismi boʻlib qolmoqda.
Ayni paytda Rossiya Liviyadagi quyidagi toʻrtta muhim havo bazasi – Al-Xadim (Liviya sharqida), Al-Jufra (markazda), Brak ash-Shati (janubiy-gʻarbda) va Al-Qardabiya (Sirte hududida) bazalarini boshqaradi.
Xususan, Al-Jufra harbiy bazasi Liviyaning janubiy hududlarini nazorat qilishda Rossiyaga strategik ustunlik beradi. Suriyada allaqachon bir necha harbiy amaliyotlar oʻtkazgan Moskva bu tajribadan Liviya kuchlarini tayyorlash va jihozlashda foydalanishi mumkin.
Rossiya va Liviya uchun harbiy foydalar
Rossiya uzoq vaqtdan beri oʻzini Liviyaga qurol-yarogʻ va harbiy texnika yetkazib beruvchi yetakchilardan biri sifatida koʻrsatdi. Oxirgi bir necha yil ichida Rossiya Liviyaga katta miqdorda harbiy texnika, jumladan, tanklar, zirhli texnikalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya qurollarini yetkazib berdi. Shu bilan birga, SIPRI (Stockholm International Peace Research Institute) maʼlumotlariga koʻra, 2015 yildan beri Rossiya Liviyaga qariyb 2,4 milliard dollarlik qurol-yarogʻ yetkazib bergan, bu esa mamlakatning umumiy harbiy yordamining salmoqli qismini tashkil etadi.
Biroq Rossiya Liviyani shunchaki qurol bilan taʼminlamaydi. Rossiya harbiy maslahatchilari va instruktorlari LMA kuchlari bilan birga ishlaydi, Liviya qoʻshinlarini tayyorlashga yordam beradi. Shu nuqtai nazardan, Liviya nafaqat qurol-yarogʻ, balki armiyasining yanada samarali faoliyat yuritishiga imkon beradigan bilimlarga ega boʻlmoqda.
Biroq Moskvani, Liviya manfaatlarini himoya qilishdan koʻra, boshqa Afrika davlatlaridagi qiziqishlariga mos ravishda, bu yerdagi neft konlari ustidan nazoratni saqlab turish koʻproq qiziqtiradi. Rossiya armiyasining yordami bilan LMA bir nechta muhim neft obʼektlari ustidan nazoratni boshqa qurolli guruhlar va sobiq hukumat kuchlaridan tortib oldi.
Iqtisodiy hamkorlik va energetika
Liviya dunyodagi eng yirik neft eksport qiluvchi mamlakatlardan biri boʻlib, Rossiya kompaniyalari uning energetika sohasiga faol qiziqish bildirmoqda. Muvaffaqiyatli iqtisodiy hamkorlikning namunasi sifatida Liviyada faoliyat yuritayotgan "Rusneft" va "Zarubejneft" kabi kompaniyalarning faoliyatini koʻrsatish mumkin. 2020 yilda “Rusneft” Liviya milliy neft korporatsiyasi (MOK) bilan bir qancha neft konlarini oʻzlashtirish boʻyicha shartnoma imzoladi.
BP Statistical Review of World Energy tashkilotining 2024 yilgi hisobotiga koʻra, Liviya 48 milliard barreldan ortiq neft zaxiralariga ega va mamlakat bu koʻrsatkich boʻyicha dunyoda oʻninchi oʻrinda turadi. Energiya taʼminotini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor Rossiya uchun Liviya strategik jihatdan muhim hamkor hisoblanadi. Kelajakda Liviya neft sanoatida Rossiya ishtirokining oshishi, shuningdek, yangi konlarni oʻzlashtirish va eskilarini tiklash boʻyicha hamkorlikni kutish mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya Liviya infratuzilmasini, jumladan, energetika, transport va kommunal xizmatlarni tiklashdan manfaatdor. Misol uchun, Rossiya temir yoʻllari (RJD) Liviyada fuqarolar urushi paytida katta zarar koʻrgan temir yoʻl qatnovini tiklash boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Rossiya kompaniyalari, shuningdek, portlar va aeroportlarni qayta tiklash kabi loyihalarda ishtirok etishi mumkin, bu Liviyaga iqtisodiy tiklanishni tezlashtirish imkoniyatini beradi.
Ekspert fikrlari va xalqaro reaksiya
Mutaxassislarning Rossiyaning Liviyadagi roli kuchayishi borasidagi fikrlari turlicha. Ayrim ekspertlar Liviya Rossiyaning Yaqin Sharq va Afrikadagi strategik oʻyinining muhim elementi ekanini taʼkidlaydi. Liviyadagi harbiy bazalar va resurslar ustidan nazorat Rossiyaga mintaqadagi siyosiy vaziyatga va Oʻrta yer dengizi havzasiga geosiyosiy taʼsir oʻtkazish imkoniyatini beradi, deb hisoblaydi.
Boshqa tomondan, Gʻarb tahlilchilari Rossiyaning Liviyada ishtiroki kengayishi bilan bogʻliq ehtimoliy xatarlardan ogohlantirmoqda. Xususan, Rossiyaning Liviyaga aralashuvi geosiyosiy keskinlikni yanada kuchaytirishi va Oʻrta yer dengizida yangi qaynoq mojaroga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, Tripolidagi Milliy kelishuv hukumatini (MKH) faol qoʻllab-quvvatlayotgan va bir necha yillardan beri Rossiya taʼsiriga qarshi chiqqan Turkiyaning harakatlarini hisobga olish zarur.
Istiqbol uchun prognoz
Katta ehtimol bilan Rossiya nafaqat Liviya, balki Afrikadagi harbiy mavjudligini mustahkamlashda davom etadi. Rossiyaning Liviyadagi harbiy va iqtisodiy ishtiroki, ayniqsa, neft va gaz qazib olish sohasida yanada kengayishini kutsa boʻladi. Biroq Rossiyaning Liviyadagi taʼsiri ortib borishi Sharqiy Afrika va u orqali Yaqin Sharqdagi demokratik kuchlarga tahdid solishi mumkin.