Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
U Qatarga borib, ushbu mamlakatda mashgʻulot oʻtkazayotgan jamoa boshqaruvini qoʻlga oladi.

Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi, deya xabar berdi OʻFA matbuot xizmati.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlarni oʻrganib chiqdi va tahlil qildi. Mahalliy va xorijlik tajribali mutaxassislar bilan muzokaralar oʻtkazdi. Shu bilan birga, murabbiylar kengashi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham batafsil koʻrib chiqilgan.
"Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi oʻyinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish boʻlgan, uzoq yillar davomida milliy terma jamoa safida toʻp surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Timur Kapadze nomzodi ilgari surildi", deyiladi OʻFA xabarida.
Ayni kunlarda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qatarda yigʻin oʻtkazmoqda. Timur Kapadze ushbu yigʻinga qoʻshilib, jamoa boshqaruvini qoʻlga oladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalgi murabbiy Srechko Katanets sogʻligʻidagi muammolar sabab ishdan ketgandi.