platina.uz
Iqtisod

HUMO’ni sotib olgan Paynet’chilar kim?

Paynet’ning hozirgi taʼsischisi, direktori va uning birinchi oʻrinbosari toʻlov tizimi asoschisi Botir Orifjonovning eski tanishlari, yaʼni avvalgi jamoasidan ekani maʼlum boʻlmoqda.

HUMO’ni sotib olgan Paynet’chilar kim?

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO toʻlov tizimi) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini Paynet AJ 65 mln AQSh dollariga sotib olgandi.

Pinkod.uz mazkur savdo va Paynet egalari boʻyicha bir qator surishtiruvlarini eʼlon qildi.

Savdo jarayonining “Savdoning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi bitim” talablari asosida tashkil etilgan bosqichida 3 talabgor majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etdi. Biroq keltirilgan xabarda qolgan ikki talabgorning nomi va ular tomonidan berilgan takliflar xususiyati maʼlum qilinmagan.

Savdoning asosiy bosqichida majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (BO) topshirgan uch ishtirokchi orasidan eng yuqori xarid narxini taklif qilgan Paynet AJ savdo gʻolibi deb topilgan.

Paynet kimga tegishli?

Paynet brendining egasi bugungi kunda Paynet AJ (avvalgi nomi UZPAYNET MChJ) hisoblanadi. Kompaniya 2005 yil 12 dekabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, Paynet’ga fintex-tadbirkor Botir Orifjonov va uning sheriklari tomonidan asos solingan.

Osnovatel Paynet Botir Arifdjanov predlojil sozdat kraudfandingovuyu  platformu – Spot
Paynet asoschisi Botir Orifjonov

Botir Arifdjanovning LinkedIn sahifasidagi maʼlumotga koʻra, u 2000 yil dekabrdan 2008 yil fevralgacha bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri yordamchisi lavozimida ishlagan.

Qozogʻistonlik tadbirkor va bloger Amirxan Omarov bilan videosuhbatda Orifjonov Rossiyaning QIWI kompaniyasi 2009 yilda Paynet’ga xaridor boʻlgani va uning aktivlarini 10 million AQSh dollariga baholaganini aytgan.

“Pik Skartarisa” Telegram kanalida aytilishicha, Botir Orifjonov va uning sheriklari oʻshanda chindan ham kompaniyani sotish uchun Moskvaga borishgan va kelishuvga ham erishilgan. Biroq ertasi kuni toʻsatdan kompaniyani sotish kerakligi haqida QIWI’dan emas, balki “boshqa kishilardan” qoʻngʻiroq boʻladi. Shunday qilib, 2009 yilda Paynet “yangi egalari” qoʻliga oʻtadi.

2018 yilga kelib, Paynet bilan bogʻliq yangilik roʻy beradi. Yaʼni Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 4 maydagi 3694-son qaroriga asosan kompaniya Xalq bankiga oʻtkazilishi maʼlum boʻladi.

“Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2016 yil 4 oktabrdagi hukmiga koʻra davlat daromadiga oʻtkazilgan “UzPaynet” MChJ ustav fondidagi 37,5 foiz ulushni keyinchalik davlat ulushini oshirish hisobiga Xalq bankiga oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin”, deyiladi prezident qarorida.

Shundan soʻng, aktivlar 100 foizgacha yetkazilgan va 2018 yilda toʻliq Xalq banki tasarrufiga oʻtkazilgan edi.

Paynet’ning xususiylashtirilishi

2022 yil avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet’ning ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish boshlanganini eʼlon qildi. Biroq shu yil oktabr oyiga kelib, qoʻshimcha ravishda aniqlik kiritilishi zarur boʻlgan holatlar yuzaga kelgani munosabati bilan, talabgorlarning majburiyatga ega boʻlmagan takliflarini (NBO) qabul qilish muddati kechiktirilgandi.

2024 yilda Paynet’dagi 100 foiz davlat ulushi yashirincha (bu haqda hech qayerda maʼlumot berilmagan) New Industrial Technologies MChJga sotilgani oshkor boʻldi.

Paynet’ning yangi egasi

Davlat reyestriga koʻra, New Industrial Technologies MChJga 100 foiz ulush bilan Abduraxmanov Mustafa Orazbayevich egalik qiladi. Paynet’ning sotilgani oshkor boʻlgan davrda (2024 yil) ushbu korxonaning taʼsischilari ichida 60 foiz ulush bilan Aleks Li ham boʻlgan. Ammo bugunga kelib, u taʼsischilar safidan chiqqan.

Mustafo Abdurahmonov, shuningdek, ASIA ALLIANCE BANK AJning 77,3 foiziga egalik qiladigan ASIA ALLIANCE GROUP MChJ QKning 77,61 foiz ulush bilan taʼsischisi hisoblanadi.

Botir Orifjonov va Mustafo Abdurahmonovning bogʻliqligi

Paynet’ning bilvosita bugungi egasi hisoblangan Mustafo Abdurahmonov va kompaniyaning sobiq egasi Botir Orifjonov oʻrtasida bir qator bogʻliqlik mavjud.

Abdurahmonov Orifjonovning BEE (Misr) kompaniyasida tijoriy direktor va Technobiz (Singapur) kompaniyasida sotuv departamenti rahbari lavozimida ishlagan. Orifjonov “UzPAYNET” MChJning mulkdori va taʼsischisi boʻlgan davrda (2007-2010 yillar) Abdrahmonov Paynet’ning Qoraqalpogʻiston boʻyicha mintaqaviy vakili sifatida ishlagan.

Paynet’ning bosh direktori va Orifjonov oʻrtasidagi bogʻliqlik

Paynet segodnya: v kompanii podelilis klyuchevыmi pokazatelyami ...
Paynet bosh direktori Anvar Isamuhamedov

Paynet’ning hozirgi bosh direktori Isamuxamedov Anvar Sadikovich ham bir vaqtlar kompaniyaning asoschisi va sobiq egasi Botir Orifjonovning kompaniyalarida turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Masalan, 2022 yil oktabrdan 2023 yil oktabrgacha uning Britaniyadagi kompaniyasi GEOMOTIVE LTD’da direktor, Bee Smart Payment Solution’da sotuv menejeri, Technobiz kompaniyasida biznes konsultant boʻlgan. Isamuhamedov, shuningdek, Paynet Orifjonov boshqaruvda boʻlgan yillarda kompaniyada bosh sotuv menejeri sifatida ishlagan.

Paynet bosh direktorining birinchi oʻrinbosari va Orifjonov oʻrtasidagi bogʻliqlik

Paynet bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov ham Botir Orifjonovga aloqador shaxs hisoblanadi. Ular nafaqat bir vaqtlar birga ishlashgan, balki hozir ham ishlashda davom etishmoqda.

Komilov Paynet ochilgan yilda jamoada boʻlgan. 2008-2009 yillarda esa u kompaniya bosh direktori lavozimida ishlagan. Paynet ulushlari davlatga oʻtkazila boshlagandan keyin esa xuddi Orifjonovdek kompaniyadan ketgan.

2009-2010 yillarda Orifjonov Singapurda tashkil qilgan Technobiz kompaniyasida Marketing masalalari boʻyicha direktor boʻlib ishlagan. Komilov 2010 yildan to hozirgacha u Orifjonov tashkil etgan Basata kompaniyasida turli lavozimlarda, hozir esa bosh texnologiya mutaxassisi boʻlib ishlaydi.

Bundan tashqari, Paynet’ning hozirgi taʼsischisi, direktori va uning birinchi oʻrinbosari Botir Orifjonovning eski tanishlari, yaʼni avvalgi jamoasidan ekanini bilish mumkin.

Shunday qilib, bir yil ichida mamlakatdagi davlat ulushi 100 foiz boʻlgan ikkita yirik toʻlov tizimi (Paynet va HUMO) egaligi bitta qoʻlga oʻtdi. Yaʼni 2024 yilda Paynet jamoatchilikdan yashirin ravishda (bitim qiymati ham maʼlum emas) sotib yuborildi, Paynet AJning oʻzi esa 2025 yilga kelib, HUMO toʻlov tizimini sotib oldi.

HUMO’ni yana kimlar sotib olishga qiziqish bildirgan edi?

HUMO’ni sotib olmoqchi boʻlganlar orasida ancha yirik kompaniya –Qozogʻistondagi fin-tex giganti Kaspi ham bor edi. Bu haqda Forbes nashrining Qozogʻiston boʻlimi 27 avgust kuni xabar bergan. Qayd etilishicha, Kaspi HUMO’ning yangi biznes modelini ishlab chiqishni, naqdsiz toʻlovlarni koʻpaytirishga hissa qoʻshishni, texnologiya va xodimlarga katta investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini aytib oʻtgan.

Kaspi 2024 yil yanvarda Amerikadagi eng yirik fond birjasi hisoblangan NASDAQ’da IPO oʻtkazgan va uning aksiyalari AQShda listing boʻlgan edi. Nashrga koʻra, bu AQShdagi eng yirik ommaviy takliflardan biri edi. Kompaniyaning hozirgi kapitallashuvi esa 24 mlrd dollardan oshadi. Biroq Kaspi 2024 yil noyabr oyida aniq sabablar keltirmagan holda HUMO’ning xususiylashtirishda qatnashmasligini eʼlon qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov HUMO’ning xususiylashtirilishi bilan bogʻliq jarayonlar yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:

“Xususiylashtirilgan” toʻlov tizimining yangi egasi shunisi bilan biz koʻrgan universal monopolistlardan farqlanadiki (antimonopoliya tan oladimi yo yoʻqmi), u feʼlan ikkita bank va bitta yirik tarmoqli toʻlov tashkiloti bilan affillangan.

Tabiiyki, affillangan ikkita tijorat banki boshqa 34 ta bankdan koʻra ustunroq imkoniyat va qulay pozitsiyalarga ega boʻladi. Shu bilan birga, Paynet 40dan ortiq boshqa raqobatchilariga nisbatan HUMO tanasiga yaqinroq boʻladi.

Oʻzi raqobat muhitiga aks taʼsir etmasligi uchun banklarning toʻlov tizimi va toʻlov tashkilotiga, toʻlov tizimlarining banklar yo toʻlov tashkilotlariga egaligi va affillanish chegaralari qonun bilan cheklanishi toʻgʻri boʻlardi. Afsuski, biz bu yoʻldan yurmadik”, deb yozdi iqtisodchi.


© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid