"Afrosiyob"da chipta narxi bir yil ichida uchinchi bor oshirildi
Masalan, ekonom klassda Samarqandga chiptalar 244 ming soʻmgacha koʻtariladi.

"Afrosiyob" poyezdida chipta narxlari soʻnggi bir yil ichida uchinchi marta oshirildi.
"Oʻzbekiston temir yoʻllari" izohiga koʻra, temir yoʻl infratuzilmasini isloh qilish, elektr-energiya, yoqilgʻi, logistika va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish, maqsadida 2024 yil 15 maydan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlarining chiptalar narxlari ekonom klass -20%, biznes klass -30% va VIP klass -40% vagonlari uchun oshmoqda.
Toshkent — Buxoro
VIP 890 000 soʻm
Biznes 600 000 soʻm
Ekonom 403 000 soʻm
Toshkent — Qarshi
VIP 747 000 soʻm
Biznes 507 000 soʻm
Ekonom 338 000 soʻm
Toshkent — Samarqand
VIP 554 000 soʻm
Biznes 358 000 soʻm
Ekonom 244 000 soʻm etib belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10-oktabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-329-sonli Qaroriga muvofiq 2024 yil 1 yanvardan boshlab yuqori tezlikdagi "Afrosiyob" elektropoyezdlarida yoʻlovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechish, shuningdek, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga oʻtish amalga oshirildi, deyiladi xabarda.
Soʻnggi bor, 2024 yil 20 yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari hamda "Sharq", "Nasaf" va "Oʻzbekiston" tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshgandi. Undan avval 2023 yil oktabrda ham narxlar oshgandi.