PayPal “mafiyasi”: milliarderlar beshigi

Ular oʻz loyihalari bilan insoniyatni hayratga solishda, insoniyat taraqqiyotini tezlashtirishga oʻrnak boʻlishmoqda. Va dunyoni yana bir necha marta oʻzgartirishga vaqtlari boʻladi.

Maqola
23-aprel, 20:05
PayPal “mafiyasi”: milliarderlar beshigi

Bugungi kunda kapitallashuvi va daromadlari milliardlab dollar bilan oʻlchanadigan, kundalik hayotimizdan mustahkam oʻrin olgan koʻpchilik internet platformalarining asoschilari bir paytlar bitta ofisda, oʻrtacha maoshga ishlagan. Mustaqil hayotga qadam qoʻyishgach, oʻylab yurgan turli qimmatli gʻoyalarini hayotga tatbiq etib, mashhur va badavlat shaxslarga aylanishgan.

Maʼlumot: PayPal (inglizcha - “toʻlashga yordam beruvchi ogʻayni”) yirik debet elektron toʻlov tizimi hisoblanadi. PayPal toʻlovlar hamda pul oʻtkazmalarini amalga oshirishga yordam beradi. 2002 yil oktabrdan boshlab eBay kompaniyasining bir boʻlimiga aylangan. (Oʻzbekistonda uning Click yoki Paynet kabi analoglaridan foydalaniladi).

PayPal elektron toʻlov tizimi ana shunday boʻlajak milliarderlar va innovatorlar uchun beshik vazifasini oʻtagan. Ilon Mask, Piter Til va ularning oʻnlab doʻstlari texnologik startaplar yoʻnalishida inqilob yasab, zamonaviy Silikon vodiysining qiyofasini yaratishgan.

Tarixning boshlanishi

PayPal hikoyasi ideal startapning amaliy namunasidir. Kompaniya tashkil etilganidan buyon muttasil oʻsib bordi, kapitallashuvi 1 milliard dollarga yetdi va korporatsiya sotilgandan keyin uning yaratuvchilariga katta daromad keltirdi. Keyin taʼsischilar olgan pullarini investitsiya qilishdi va yangi loyihalarga tikishdi, ularning baʼzilari yirik kompaniyalarga aylandi.

PayPal jamoasidagi odamlar "PayPal mafiyasi" deb ataladi. Uning "don"i – kompaniyaning sobiq bosh direktori Piter Til uning aʼzolari sonini 220 kishi deb hisoblagan. Ular yaratgan ayrim kompaniyalar haqida koʻpchilik eshitgan yoki undan foydalanadi. Masalan, Tesla yoki SpaceX (chunki Ilon Mask "mafioz"lardan biri hisoblanadi). Yoki "mafiya" ning uchta aʼzosi tomonidan asos solingan dunyodagi eng yirik LinkedIn yoki Youtube ijtimoiy tarmoqlarini misol qilib koʻrsatish mumkin.

Silikon vodiysida inqilob yasagan yoshlar

PayPal tarixi Piter Til va Stenford talabasi Maks Levchinning tanishuvidan boshlandi. Ular xavfsiz Internet toʻlovlari tushunchasini hayotga tatbiq etish gʻoyasini oʻylab yurishardi. Ikki doʻst Confinity kompaniyasiga asos solishdi. Bu mijozlar uchun elektron pochta orqali pul joʻnatish va elektron auksionlar, xususan, eBay bilan uygʻunlikda ishlash imkonini yaratdi.

Koʻp oʻtmay, Confinity Ilon Maskga tegishli X.com moliyaviy kompaniyasi bilan birlashdi – hosila kompaniya PayPal nomini oldi.

Til va Levchinning gʻoyasi doʻstlikka asoslangan kompaniya qurish edi. Shuning uchun ular oʻz doʻstlarini va doʻstlashish mumkin deb hisoblagan odamlarini ishga yollashdi. Tez orada PayPal’da Stenford universitetini tugatgan talabalar – Keyt Rabua, Devid O.Saks, Rid Xoffman va Ken Xaueri paydo boʻldi. Bunday munozarali yondashuv tufayli PayPal natijalarga birdek sodiq boʻlgan hamfikrlar jamoasini toʻpladi. Munozarali deyishimizning boisi shundaki, biznes loyihaga doʻstlar yoki qarindoshlarni jalb etish aksariyat hollarda salbiy natija bergan.

PayPal’ning olti nafar taʼsischisi.

Boʻlajak "mafiya" aʼzolari juda koʻp muammolarga samarali va toʻgʻri yechim topa olishdi. Masalan, avval boshda mijozlar odatiy Visa va MasterCard’ni afzal koʻrib, yangi tashkil etilgan PayPal platformasidan foydalanishni unchalik xohlamadilar. Kompaniya bu muammoni shunday hal qildi: ular PayPal foydalanuvchilariga tizimda hisobi boʻlmaganlarga ham pul joʻnatish imkoniyatini yaratdi. Shu paytgacha boʻlgan tartibga koʻra, pul oʻtkazmasini olish uchun mijoz roʻyxatdan oʻtishi kerak edi. Bunday yangi qulaylik PayPal mijozlarining soni tez oʻsishiga olib keldi.

PayPal’dagi korporativ madaniyat ham oʻz davridagidan farqlanar edi. Kompaniya tashqaridan menejerlar yollamadi, balki meritokratiya (munosiblar hokimiyati) tamoyiliga amal qilgan holda oʻz xodimlarini bir pogʻona yuqoriga koʻtarib borishni afzal koʻrdi. Muayyan boʻlimning rahbarligiga boʻlimdagi xodimlarning eng yaxshisi deb hisoblangan shaxslar tayinlana boshladi.

Keyinchalik Devid Saks yangi tizimning tarixiy ahamiyatini taʼkidlab, "PayPal zamonaviy Silikon vodiysi startaplari uchun namuna boʻldi", degan edi.

TechRepublic nashri, shuningdek, Keyt Rabuaning quyidagi soʻzlaridan iqtibos keltirgan edi: “Biz bir guruh omadsizlar edik. Mafkura jihatidan ham, madaniyat jihatidan ham Silikon vodiysining mohiyatidan juda uzoq edik. Eng qizigʻi, vodiydagilar tez orada biz bilan hisoblasha boshladi”.

Jamoa PayPal’ning IPO’ga chiqqanini nishonlamoqda. Oʻngda – “mafiya otaxoni” Piter Til jamoa bilan shaxmat oʻynayapti. Oʻrtada – Devid Saks, faqat u Piterni shaxmatda yenga olgan.

Yangi “xoʻjayin” – yangi siyosat

Biznes yuritishning original uslubi oʻzini yuz foiz oqladi. 2001 yil oxirida PayPal birinchi bor IPO’ga chiqdi – oʻz aksiyalarini fond birjasiga joylashtirdi. (IPO – inglizcha Initial Public Offering – “dastlabki ommaviy taklif”.)

Atigi bir kun ichida PayPal aksiyalari qiymati 54 foizga oshdi. 2002 yilning yozida eBay va PayPal oʻrtasida ehtimoliy qoʻshilish boʻyicha muzokaralar borasida mish-mishlar paydo boʻldi. Iyul oyida kompaniya kelishuvga rozi boʻldi va oktabr oyida bu haqda rasman eʼlon qilindi – bu PayPal jamoasi uchun xotimaning boshlanishi edi.

PayPal erkinlik va moslashuvchanlikni oʻz shioriga aylantirgan boʻlsa, eBay – bamisli byurokratlashgan qoʻpol yirtqich hayvon edi: korporativ madaniyati yer va osmondek farq qiluvchi ikki kompaniyaning uygʻunlikda ishlay olmasligi aniq edi.

PayPal’ning yosh va erksevar jamoasi uchun ishdan ketishdan boshqa yoʻl qolmagandi. Qaygʻuli boʻlsa-da, bir holatni hamma tushunib turgandi – eBay jamoa yaratgan mahsulotga muhtoj edi, jamoaga emas!

Dastlabki milliard dollar

PayPal kompaniyasining sotilishi uning "mafiya" jamoasiga 1,5 milliard dollar olib keldi – bu hamma ishni qaytadan, ammo alohida-alohida boshlash uchun yetarli pul edi. Jamoaning koʻpchiligi yaxshi munosabatlar va doʻstlikni saqlab qolishdi. Ularga katta foyda keltirgan yangi loyihalarda bir-birlarini samimiy qoʻllab-quvvatlashdi.

Jamoaning “oqsoqol”laridan biri Saks dastlab Hollivudda prodyuser boʻlib ishladi, keyin 2008 yilda Mark Vulvey bilan hamkorlikda Yammer korporativ tarmogʻini yaratishdi. (Uni 2012 yilda Microsoft sotib oldi)

"Mafiya"ning yana uch nafar aʼzosi – Chad Xerli (PayPal’ning ilk logotipi dizayneri), Javed Karim (PayPal’ning firibgarlikka qarshi tizimini ishlab chiqqan muhandis) va Stiv Chen 2005 yilda Youtube videoxostingiga asos solishdi. 2006 yil noyabr oyida u Google tomonidan 1,65 milliard dollarga sotib olindi.

Youtube’ga ilk videoni uning taʼsischilaridan biri Javed Karim ilk marta test tariqasida yuklagan. Video San-Diyego hayvonot bogʻida olingan. Javed “Hozir fillar oldida turibman, ularning qiziq jihati – juda uzun xartumlari bor. Boʻldi, boshqa gapiradigan gapim yoʻq”, degan xolos. Aslida tanishuv videosayti sifatida ochilgan Youtube mana shu videodan keyin turli koʻngilochar videolar xostingiga aylandi.

Uchovlon PayPal’ning eBay’ga sotilishidan alamlarini narx belgilash asnosida namoyon qilishdi: PayPal 1,5 milliardga sotilgan boʻlsa, Youtube’ni shu mablagʻ ustiga 10 foiz qoʻshib, 1,65 milliard dollarga sotishni tanlashdi.

Muhandis Jeremi Steppelman mashhur Yelp onlayn fikr va sharhlar saytiga asos soldi. Ken Xaueri barcha soha mutaxassislari bilan yuzma-yuz bogʻlanish imkonini beruvchi Popexpert onlayn oʻquv platformasini yaratdi. Ijrochi vitse-prezident Rid Xoffman esa mashhur LinkedIn’ni yaratdi.

Piter Til Palantir loyihasini tashkil etib, unga bir necha sobiq PayPal xodimlarini yolladi. Dasturiy taʼminot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Palantir kapitallashuvi boʻyicha dunyodagi eng qimmat startaplardan biriga aylandi. PayPal taʼsischilaridan biri Ilon Mask keyin qanday loyihalarga qoʻl urganini eslatib oʻtirish shart emas, nazarimizda.

Mazkur innovatsion loyihalarni nafaqat asoschilari, balki rivojlanish sttrategiyasini PayPal’dagi tajribasidan olingani birlashtirib turadi.

Dunyodagi eng yaxshi venchur investorlari

“PayPal mafiyasi” aʼzolarining baʼzilari texnologiya sanoatida muvaffaqiyatli sarmoyador boʻlishdi va hatto oʻz jamagʻarmalarini tashkil etishdi. Ular innovatsion va samarali gʻoyalarni ishlab chiqqan, ammo amalga tatbiq etish uchun mablagʻga muhtoj insonlarga yordam bera boshlashdi. Bunday venchur investitsiya jamgʻarmalaridan eng mashhuri – PayPal’ning sobiq asoschilari – Piter Til, Ken Xaueri va Lyuk Nozek tomonidan taʼsis etilgan Founders Fund (Taʼsischilar fondi) venchur fondidir.

Ushbu jamgʻarma Facebook, SpaceX, Spotify, Palantir Technologies va Airbnb kabi oʻta samarali startaplarga muvaffaqiyatli sarmoya kiritdi. Piter Til 2004 yilda Facebook’ning 10,2% ulushini 500 ming dollarga sotib olib, ushbu mashhur ijtimoiy tarmoqning birinchi tashqi investori boʻlishdi. Piter Tilni Facebook asoschisi Mark Sukerberg bilan Xoffman tanishtirgan boʻlib, u ham mazkur ijtimoiy tarmoqqa sarmoya kiritgan.

“Mafiya” aʼzolari va ularning loyihalari.

Boshqa jamoa aʼzolari ham “mafiya”ni uyaltirib qoʻyishmadi: masalan, Deyv Makklyur venchur fondi va startap akselerator – 500 STARTUPS’ni yaratdi. Xoffman muvaffaqiyatli “biznes farishtasiga” aylandi: u Facebook, Uber, SpaceX, Palantir Technologies va Airbnb kabi loyihalarga sarmoya kiritdi. Xoffman 2010 yildan boshlab Greylock Partners jamgʻarmasiga qoʻshildi va hali “urugʻ” darajasida boʻlgan startap loyihalarni moliyalashtira boshladi.

Rulof Bota esa Silikon vodiysidagi eng yirik fondlardan biri Sequoia Capital hamkoriga aylandi va 2020 yilda Forbes talqiniga koʻra, dunyodagi eng muvaffaqiyatli venchur sarmoyadorlar uchligidan biri, deb topildi.

"Mafiya" muvaffaqiyat qozonishiga qisman “Dot-kom pufagining yorilishi” yordam berdi. Undan keyin, 2000 yillarning birinchi yarmida, odamlarda koʻpchilik texnologik startaplarga ishonchi yoʻqoldi. Biroq maydon ochiq edi, bozorda asosan “chalajon” yoki bankrot boʻlgan internet kompaniyalar qolgan edi. Chunki oʻsha davrdagi tadbirkorlar investorlar nuqtai nazaridan unchalik koʻp tanlovga ega emas edi. Mana shu omillar PayPal “mafiyasi”ga yoʻl ochib berdi. PayPal yigitlari kompaniyani sotishdan tushgan 1,5 milliard dollardan samarali foydalanib, istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdan choʻchishmadi.

"PayPal mafiyasi"  - yoshlar uchun ibrat

Aslida, "PayPal mafiyasi" atamasi 2007 yilga kelibgina mashhur boʻlgan. Fortune jurnali PayPal’dan ketib, katta muvaffaqiyatga erishgan yoshlar haqida chop etgan maqolasini shunday deb atagan edi. Sarlavhadagi illyustrativ suratda "PayPal mafiyasi"ning 13 nafar aʼzosi xuddi mafiozi gangsterlardek kiyingan holatda suratga tushgan:

“PayPal mafiyasi” aʼzolari. 2007 yil.

Bugungi kunda ham “PayPal mafiyasi” Silikon vodiysidagi eng nufuzli norasmiy hamjamiyat boʻlib qolmoqda. Uning aʼzolari oʻz loyihalarini boshlashda va boshqalarning gʻoyalarini rivojlantirishga yordam berishda davom etishyapti. Oʻz loyihalari bilan insoniyatni hayratga solishda, insoniyat taraqqiyotini tezlashtirishga oʻrnak boʻlishmoqda. Va ular, ehtimol, dunyoni yana bir necha marta oʻzgartirishga vaqtlari boʻladi.

Sobiq jamoa vakillari nafaqat amaliyotda balki, nazariy bilimlarini boshqalar bilan baham koʻrishda ham peshqadam. Ularning deyarli har biri kitoblar yozishgan. Masalan, “mafiya otaxoni” Piter Til oʻz tajribasi va bilimlarini “Noldan birgacha” nomli kitobida batafsil bayon qilgan.

"PayPal mafiyasi"ning tarixi hozirgi yoshlar uchun oʻrnak boʻla oladi. Faqat qora ish, faqat musofirlikda yurib, xoʻrlikda, vatan hamda oila sogʻinchidan qiynalib ogʻir mehnat qilish oʻrniga bilimga, ayniqsa axborot texnologiyalari yoʻnalishiga eʼtibor berish kerakligini, maqsadlarni zamonga moslashtirish kerakligini koʻrsatuvchi ibratdir. Zero, xalqimiz aytganidek – bilagi zoʻr birni, bilimi bor mingni yiqadi. Aqliy mehnat har doim jismoniy mehnatdan koʻra osonroq va daromadliroq boʻlib kelgan...

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+