Sirdaryo tumaniga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Sirdaryo tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi masalasi koʻrildi.

Xalq deputatlari Sirdaryo tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Sessiyada viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Xatamov Musurmankul Abdumannonovichni nomzod sifatida taklif etdi.
Ushbu taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.
Musurmankul Xatamov 1986 yili Xovos tumanida tugʻilgan. 2010 yilda Guliston davlat universitetini tamomlagan.
U faoliyati davomida Boyovut tumani, Shirin shahri va Oqoltin tumanida soliq organlarida turli lavozimlarda ishlagan. Tayinlovga qadar Xatamov Boyovut tumani “Ijodkor” mahalla fuqarolar yigʻinida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib oʻtamiz, fevral oyida Sirdaryo tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Botir Mirzaqulov Mirzachoʻl tumaniga hokim etib tayinlangandi. U tumanni 2020 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.