Ochiq byudjetga ovoz berish texnik nosozlik sabab vaqtincha toʻxtatildi
Ayni vaqtda mutaxassislar muammo ustida ishlamoqda.

“Ochiq byudjet” portali ishida ayrim texnik nosozliklar kuzatilayotgani sababli portal faoliyatida uzilishlar boʻlmoqda. Nosozliklarni toʻliq bartaraf etish maqsadida ovoz berish jarayonlari vaqtincha toʻxtatiladi va 16-mart soat 00:00 dan boshlab davom ettiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.
Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Tizim faoliyatiga oid qoʻshimcha savollaringiz yuzasidan ushbu raqam orqali murojaat qilishingiz mumkin: +99871 2035050 (ichki raqam — 01323, 01327).
Eslatib oʻtamiz, “Ochiq byudjet”ning joriy yilgi ilk mavsumiga 1 fevraldan start berilgandi.
- Loyihalar kiritish: 1–20 fevral;
- Loyihalarni saralash: 21-fevral–11 mart;
- Ovoz berish: 12–31 mart sanalari davomida oʻtkazilishi koʻzda tutilgandi.
Ushbu mavsum uchun tuman va shahar byudjetlari hisobidan 3 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd 360 mln soʻmni tashkil etadi.