Katta partiyada qalbaki "Anaferon" dorisi aniqlandi
Shuningdek, “Zodak”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dori vositalari ham topildi.
DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Chortoq tuman tez yordam boʻlimi feldsheri tomonidan yashirin sex sharoitida tayyorlangan “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dori vositalari Andijon, Fargʻona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganligi aniqlandi.
SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bu xabar yuzasidan ogohlantirish bilan chiqdi.
Tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, quyidagilari maʼlum qilgan:
"Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati” toʻgʻrisidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi" deyiladi xabarda.
Shu oʻrinda, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom”ga muvofiq, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib kelishini eslatib oʻtilgan.
Mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlar faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2022 yil oxirida Dok-1 Maks siropidan 65 bola hayotdan koʻz yumgandi.
Shuningdek, 2023 yil kuzida Namanganda bolalarning doridan zaharlanishi holati ham kuzatildi.